O‘zbekistonga kirish vizalarini rasmiylashtirib berish uchun chet elliklardan $31,2 ming talab qilgan ikki shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkentda uch nafar xorijiy fuqaroga O‘zbekistonga kirish vizalarini tanishlari orqali noqonuniy rasmiylashtirib berishni va’da qilgan 1985-yilda tug‘ilgan shaxs $31,2 ming olayotgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u mablag‘ning $4,2 mingini o‘zida qoldirib, qolgan $27 mingni 1960-yilda tug‘ilgan boshqa fuqaroga berishi kerak bo‘lgan.

Davom ettirilgan tezkor tadbirda ikkinchi shaxs ham $27 mingni olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Avvalroq Spot Navoiyda 340 mln so‘mlik oltinni noqonuniy sotgan ikki shaxs ushlangani haqida yozgandi.

Gumonlanuvchilardan biri uyida qumdan oltin ajratib olish bo‘yicha yashirin sex tashkil qilgan.