Toshkentda bozorlar, savdo majmualari va ularga tegishli mol-mulk xatlovdan o‘tkaziladi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Poytaxtdagi bozorlar va savdo majmualarining moliyaviy holati tekshiriladi, ularning mol-mulki xatlovdan o‘tkazilib, mavjud muammolar aniqlanadi.
Ushbu ishlar 2026−2027-yillarda poytaxtni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar doirasida amalga oshiriladi.
Xatlov davomida bino va inshootlarning kadastr hujjatlari, mol-mulk ro‘yxati hamda mulkdorlar haqidagi ma’lumotlar o‘rganiladi.
Noqonuniy qurilmalar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Shuningdek, hududlar chegaralari, muhofaza zonalari va amaldagi cheklovlar tekshiriladi. Bundan tashqari, soliqlar, majburiy to‘lovlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha qarzdorlik tahlil qilinadi.
Xatlov yakunlari bo‘yicha bozorlar va savdo majmualari aktivlaridan samarali foydalanish, jumladan, tegishli boshqaruv organlari qarorlariga muvofiq ularni ochiq savdolarga chiqarish yuzasidan takliflar tayyorlanadi.
Ushbu ishlarda Kadastr agentligining shahar boshqarmasi, tuman hokimliklari, soliq organlari, Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi hamda Tashkent Invest kompaniyasi ishtirok etadi.
Avvalroq Toshkent hokimi 35 ta savdo majmuasini xususiylashtirish doirasida birorta ham bozor yopilmasligini aytgandi.