Muborak Muxrimova O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Rossiya, Yevropa va Shveytsariya floristika maktablarida tahsil olgan va xalqaro florist-dizayner diplomiga ega bo‘lgan. Ko‘p yillar davomida turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda Toshkent Gullari brendini yaratib, oilaviy biznesni sohaning yetakchilaridan biriga aylantirgan. Hozirda esa 8 yildan beri faoliyat yuritayotgan Toshkent Gullari School maktabini rivojlantirish bilan band.


5 kitob, florist, muborak muxrimova, toshkent gullari

Muborak Muxrimova,

Toshkent Gullari Group kompaniyasi hammuassisi va Toshkent Gullari floristika maktabining asoschisi.

Kitobga bo‘lgan muhabbatim otamdan o‘tgan. Uyimizda katta kutubxona bo‘lardi. Otam farzandlari orasida birinchi bo‘lib menga o‘qishni o‘rgatganlar.

Bolaligimdan kitoblar olamiga sho‘ng‘ib ketardim. Bir kitobni ikki-uch kunda tugatgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Hatto onam chiroqni o‘chirib qo‘yganida ham, qo‘l chiroq yoki sham yorug‘ida o‘qishni davom ettirardim. Uyimizdagi eng qimmatbaho boyligimiz kitoblar edi. Keyinchalik otam o‘sha kutubxonani menga sovg‘a qilganlar. Hozirgacha uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelaman.

Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, qog‘oz kitobning o‘rni bo‘lak. Audio va elektron kitoblardan asosan safarlarda foydalanaman, ammo odatda ularni qo‘limga olib, varaqlab o‘qishni afzal ko‘raman. Kitob tanlashda esa, eng avvalo, uning qadriyatlarimga mos kelishiga e’tibor beraman. Albatta, boshqalarning tavsiyalarini ham inobatga olaman, intuitsiyamga ham quloq solaman. Lekin eng muhimi — kitobning hozirgi maqsadlarimga erishishimga yordam berishi.

Boshlagan ishimni oxiriga yetkazishni yaxshi ko‘raman. Bu odatim kitob o‘qishda ham namoyon bo‘ladi. Har bir kitobga imkoniyat berishga harakat qilaman va uni tashlab qo‘yishdan oldin kamida uchdan bir qismini o‘qiyman. Chunki 5−6 varaqni o‘qib, asar haqida to‘liq xulosa chiqarib bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Agar kitob qiyin bo‘lsa, uni oxirigacha o‘qib, mazmunini tushunishga harakat qilaman.

Kitoblar nafaqat bilim olish, balki o‘z ustimda ishlash va rivojlanish vositasi hamdir. Menimcha, haqiqiy lider doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, ham kasbiy, ham shaxsiy rivojlanishga e’tibor qaratishi kerak. Shu sababli kasbiy adabiyotlar bilan bir qatorda, shaxsiy rivojlanishga oid kitoblarni ham muntazam o‘qiyman.

Kitob tanlashda faoliyatim va qiziqishlarim ham muhim o‘rin tutadi. Floristika dizayn bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani uchun dizayn, arxitektura, moda va san’atga oid nashrlar menga alohida ilhom beradi. Milliy san’atimizdagi so‘zana, kashta va miniatyuralarda uchraydigan ranglar, naqshlar va chiziqlar ham ijodim uchun muhim ilhom manbai. Ularni o‘z kompozitsiyalarimda aks ettirishga, milliy qadriyatlarimizni zamonaviy floristika bilan uyg‘unlashtirishga intilaman.

Yillar davomida turli yo‘nalishdagi ko‘plab kitoblarni o‘qidim. Ularning har biri hayotimning ma’lum bir davrida kerakli bilim, yangi qarash yoki turtki bergan. Shu bois ular orasidan eng yaxshi 5 tasini ajratib olish oson emas. Shunga qaramay, bu yil o‘qib, chuqur taassurot qoldirgan va o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatgan kitoblarim haqida aytib bermoqchiman.


“Xislatli hikmatlar sharhi”, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ushbu asari ma’naviy-axloqiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Menimcha, u yoshi va kasbidan qat’i nazar, o‘z ustida ishlashni istagan har bir inson uchun foydali kitob.

Asarning bosh g‘oyasi insoniylik va o‘zini o‘zi tarbiyalash bilan bog‘liq. Muallif hikmatlarni sharhlash orqali insonni kamolotga yetaklaydigan fazilatlarni qanday rivojlantirish mumkinligini sodda va ta’sirli tilda tushuntiradi.

Bu kitob menda chuqur taassurot qoldirgan. U har qanday yutuqning poydevori, avvalo, insonning ichki dunyosi va fazilatlari ekanini yana bir bor eslatgan. Rahbar sifatida shuni angladimki, boshqalarga yo‘l ko‘rsatish va jamoani rivojlantirishdan oldin, inson avvalo o‘zini tarbiyalashi kerak. Chunki haqiqiy muvaffaqiyat kasbiy mahorat bilan bir qatorda, insoniy fazilatlarga ham tayanadi.

5 kitob, florist, muborak muxrimova, toshkent gullari


“Atom odatlar”, Jeyms Klir

Jeyms Klirning ushbu kitobi o‘z ustimda ishlash va kundalik odatlarimni yaxshilash borasida muhim manbalardan biri bo‘lgan.

Menimcha, u hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilishni istagan, ammo buni nimadan boshlashni bilmayotgan har bir inson uchun foydali.

Kitobning eng yoqqan jihati shundaki, katta o‘zgarishlar birdaniga emas, balki har kuni takrorlanadigan kichik odatlar orqali yuzaga keladi. Muallif foydali odatlarni shakllantirish, ularni kundalik hayotga singdirish va zararli odatlardan voz kechish yo‘llarini sodda va amaliy misollar bilan tushuntiradi. Ayniqsa, har kuni ozgina bo‘lsa-da, yaxshilanish vaqt o‘tishi bilan katta natijalarga olib kelishi haqidagi fikri chuqur taassurot qoldirgan.

Bu kitob o‘z odatlarimga boshqacha nazar bilan qarashga, foydasizlarini qayta ko‘rib chiqib, foydali odatlarni shakllantirishga yordam berdi. Eng muhimi, muvaffaqiyat faqat iroda kuchiga emas, balki to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim va izchillikka ham bog‘liqligini angladim. Hozir bu yondashuvni nafaqat shaxsiy hayotimda, balki jamoamiz bilan ishlashda ham qo‘llashga harakat qilaman. Chunki barqaror natijalarga erishish uchun katta qadamlardan ko‘ra, muntazam bajariladigan kichik harakatlar muhimroq.

5 kitob, florist, muborak muxrimova, toshkent gullari


“Men”, Fotih Duman

Turk yozuvchisi Fotih Dumanning ushbu kitobi insonning ichki dunyosi, nafsi va o‘zini tarbiyalash haqida chuqurroq o‘ylashga undaydigan asarlardan biri sifatida taassurot qoldirgan. Kitob o‘z xatti-harakatlarim, istaklarim va qarorlarim sabablarini yaxshiroq anglashga undadi.

Asarning yoqqan jihati shundaki, nafs har doim ham ochiq namoyon bo‘lavermaydi. U ba’zan kundalik odatlarimiz, istaklarimiz va o‘zimizga beradigan bahonalarimiz ortida yashirinadi. Uni anglash va boshqarish uchun esa, avvalo, inson o‘ziga rostgo‘y bo‘lishi va ichki dunyosiga nazar tashlay olishi kerak.

Kitobni o‘qish davomida o‘zim uchun ko‘plab xulosalar chiqardim. Menimcha, inson o‘zini anglash va boshqarishni o‘rganmasdan turib, boshqalarni to‘g‘ri yo‘naltirishi qiyin. Ayniqsa, rahbar sifatida bu fikr men uchun muhim. Chunki boshqalarga namuna bo‘lish, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish va jamoani boshqarish uchun inson, avvalo, o‘z ustida ishlashi kerak.

Bu asar shaxsiy rivojlanish faqat yangi bilimlarni egallashdan iborat emasligini, balki o‘z nafsini anglash, kamchiliklarini tan olish va ichki tarbiya ustida muntazam ishlashni ham talab qilishini yana bir bor eslatdi.

5 kitob, florist, muborak muxrimova, toshkent gullari


“Floral Craftsmanship”, Gregor Lersh

Bu kitob floristika sohasiga oid eng qadrli manbalarimdan biri, chunki unda bevosita kasbimizga taalluqli bilim va tajribalar jamlangan.

Kitobda floristika shunchaki gullardan kompozitsiya yaratish emas, balki tabiat, shakl, rang va kompozitsiya qonuniyatlariga asoslangan san’at va hunar sifatida yoritiladi. Muallif o‘zining ko‘p yillik tajribasiga tayangan holda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtiradi. Bu esa floristikaning nozik jihatlarini chuqurroq anglashga yordam beradi.

Bu kitob menga yana bir jihati bilan qadrli. Gregor Lersch bilan shaxsan tanishish va uning mahorat darslarini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniga ega bo‘lganman. Shu bois kitobni o‘qir ekanman, undagi fikr va tavsiyalarni nafaqat nazariy bilim, balki o‘zim tanigan ustozning shaxsiy tajribasi sifatida ham qabul qilaman.

Bu asar kasbiy bilimlarimni boyitish bilan birga, o‘quvchilarimga beradigan bilimlarimni ham yanada kengaytirishga yordam berdi. U har qanday kasbga shunchaki ish sifatida emas, balki chuqur bilim, mahorat va hurmat talab qiladigan hunar sifatida qarash muhimligini yana bir bor eslatdi. Shu bois Gregor Lershning kitoblarini imkon qadar xarid qilib, to‘plab borishga harakat qilaman. Men uchun ular nafaqat bilim manbai, balki kasbiy rivojlanishimda muhim o‘rin tutadigan qimmatli adabiyotlardir.

5 kitob, florist, muborak muxrimova, toshkent gullari


“Floral Craftsmanship 2. Bound Plus”, Gregor Lersh

Gregor Lerschning “Floral Craftsmanship” turkumiga mansub “Bound Plus” nomli ikkinchi kitobi dunyo floristlari uchun muhim qo‘llanmalardan biridir. U bevosita bog‘lab yaratiladigan kompozitsiyalar va guldastalar texnikasiga bag‘ishlangan.

Kitobda guldasta va boshqa bog‘lamali kompozitsiyalarni yaratishning texnik asoslari bosqichma-bosqich tushuntiriladi. Muallif an’anaviy uslublar bilan cheklanib qolmay, tabiiy materiallar, shakl va struktura bilan tajriba o‘tkazish orqali floristikani haqiqiy san’at darajasiga olib chiqadi. Kitob nemis va ingliz tillarida nashr etilgan bo‘lib, boy fotomateriallar bilan to‘ldirilgan.

Bu kitob menga alohida qadrli, chunki u bevosita kasbimga tegishli. Undagi bilim va yondashuvlar nafaqat o‘z tajribamni boyitdi, balki o‘quvchilarimga beradigan bilimlarimni ham yanada kengaytirdi. Eng muhimi, bu kitob menga floristikaga shunchaki hunar emas, balki chuqur bilim, izlanish va mahorat talab qiladigan kasb sifatida qarash muhimligini yana bir bor eslatdi.

5 kitob, florist, muborak muxrimova, toshkent gullari


“O‘zbekiston amaliy san’ati”

Ushbu kitob-albom milliy hunarmandchiligimiz va amaliy san’atimizning eng nodir namunalarini bir sahifada jamlagan qimmatli manba. Unda zargarlik, kashtachilik, kulolchilik va boshqa an’anaviy san’at turlari boy fotomateriallar orqali namoyish etiladi.

Men uchun albomning eng katta qadri — unda asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelgan ustalik an’analari, ranglar uyg‘unligi va naqshlar falsafasi mujassam ekanida. Har bir buyumda ustaning mehnati, didi va xalqimizning dunyoqarashi aks etadi.

Bu kitobni menga san’atshunoslik sohasidagi nodir bilimdonlardan biri sovg‘a qilgan. Hozir uni o‘zbek amaliy san’ati va unda o‘z izini qoldirgan ustalar ijodini chuqurroq o‘rganish maqsadida mutolaa qilyapman.

Milliy hunarmandchiligimizdagi ranglar uyg‘unligi, naqshlar va chiziqlarning nafisligi floristik kompozitsiyalarim uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai. Ajdodlarimizdan qolgan boy merosni o‘rganish va uning go‘zalligini zamonaviy dizayn tilida ifodalash men uchun nafaqat kasbiy, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

5 kitob, florist, muborak muxrimova, toshkent gullari