Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Qashqadaryoda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Davlat rahbari viloyatdagi eng dolzarb masalalardan biri aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi.

Joriy yilda ajratilgan 1 trln so‘m hisobidan 747 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i hamda 43 ta inshoot qurilishini ikki oy ichida yakunlash topshirildi. Natijada 200 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, Hisorak suv omboridan Qarshi shahri, Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlariga suv tarmog‘i tortish loyihasini boshlash uchun 100 mlrd so‘m ajratildi.

Loyihani sifatli amalga oshirish uchun qo‘shimcha $210 mln jalb etish vazifasi qo‘yildi. Ushbu loyiha orqali yana 350 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanlaridagi yana 700 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Tolimarjon — Muborak suv tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi boshlanadi.

Uning texnik-iqtisodiy asoslarini 1-aprelgacha yakunlash va loyihaga $150 mln jalb etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, yig‘ilishda viloyat yo‘l infratuzilmasini yaxshilash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyatidan o‘tuvchi 100 kilometr qismini rekonstruksiya qilish boshlanadi. Loyihaning qiymati $350 mln ni tashkil etadi.

Shuningdek, Qarshi shahrining aylanma yo‘li 5,5 kilometrga uzaytirilib, A-380 avtomobil yo‘liga ulanadi. Mas’ullarga loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini shu yil yakunlash va yanvar oyidan qurilish ishlarini boshlash topshirildi.

Bundan tashqari, “Qarshi — Pomuq” va “G‘uzor — Beynau” avtomobil yo‘llaridagi temir yo‘l kesishmalarida poyezdlar o‘tishi vaqtida katta tirbandliklar yuzaga kelayotgani qayd etildi.

Ushbu muammoni bartaraf etish uchun mazkur joylarda umumiy qiymati 250 mlrd so‘m bo‘lgan ikkita zamonaviy yo‘l o‘tkazgich quriladi.


Avvalroq Spot prezident Yangi Qarshi shahrini barpo qilish hamda Qarshi magistral kanali bo‘yida turizm majmuasini tashkil etish loyihalari bilan tanishgani haqida yozgandi.