Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Prezident biznes loyihalarini kreditlash masalasiga to‘xtalib, aholi va biznesga ajratilayotgan mablag‘lar amaliy natija berishi kerakligini ta’kidladi.

Bunda Andijon viloyati tajribasi misol qilib keltirildi. U yerda banklarga garov o‘rniga pul oqimi va talabni baholash orqali 20 tagacha yangi moliyaviy mahsulot ishlab chiqish topshirilgan edi.

Asosiy vazifalardan biri kredit ajratishda ortiqcha talablarni bekor qilish bo‘ladi. Qarz oluvchilardan talab qilinadigan 102 ta hujjatning 53 tasi onlayn tizimlarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni takrorlaydi, yana 22 tasi esa kreditlashga aloqador emas.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar mahallalardagi tashabbuslarni moliyalashtirishni tezlashtirishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini rag‘batlantirishi kerak.

Prezident 24-sentabr kuni Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham davlat banklarining mijozlar bilan ishlash tizimini o‘zgartirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Uning aytishicha, yil boshidan buyon davlat banklari 35 ming nafar mijozga garov yoki kafil yo‘qligi sababli kredit berishni rad etgan.

Mirziyoyev yangi shartlar asosida kompleks moliyaviy takliflarni ishga tushirish vazifasini qo‘ydi. Bunda haqiqiy pul oqimi, debitorlik qarzdorligi, tovar aylanmasi, buyurtmalar hamda shartnomalar mavjudligi hisobga olinishi kerak. 500 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar uchun biznes-reja talabini bekor qilish taklif etilgan edi.

Yig‘ilishdan keyin bir oy ichida to‘qqizta davlat bankiga biznes rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan 20 ta yangi mahsulot ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Qayd etilishicha, mahalla bankirlari esa ushbu mahsulotlar haqida aholi va tadbirkorlarni xabardor qilishi kerak bo‘ladi.


Avvalroq Spot Markaziy bank 2027-yildan kredit to‘lovlarini avtomatik yechib olishni cheklashi haqida yozgandi.