Markaziy bank fuqarolarning bank kartalaridan kreditlarni qoplash uchun avtomatik ravishda pul yechib olishni chekladi. Tegishli qaror Lex.uz portalida e‘lon qilindi.

Hujjat bilan Tijorat banklarining mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarini amalga oshirishdagi minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ular kredit yoki kafillik to‘lovi yechib olinganidan keyin qolishi lozim bo‘lgan minimal summani belgilashni nazarda tutadi.

Agar mijozning barcha kartalaridagi umumiy qoldiq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50% idan kam bo‘lsa, banklarga mablag‘larni akseptsiz tartibda yechib olish taqiqlanadi. Hozirda bu summa 680 ming so‘mni tashkil etadi.

O‘zgartirishlar hujjat rasmiy e‘lon qilinganidan uch oy o‘tib — 2027-yil 10-yanvardan kuchga kiradi.


Bir yil avval, 2025-yil oktabr oyida Markaziy bank kredit to‘lovlarini undirish bo‘yicha bir qator cheklovlarni joriy etgan edi. Unga ko‘ra, banklar ijtimoiy nafaqalar va davlat tomonidan beriladigan moliyaviy yordam mablag‘lariga undiruv qarata olmaydi, shuningdek, shartnomada yoki to‘lov jadvalida belgilangan muddatdan oldin undiruv talabini qo‘yishi mumkin emas.

Joriy yilning aprel oyida Uzcard banklar tomonidan akseptsiz yechib olish amaliyoti qo‘llanilganda minimal kamaymaydigan qoldiq qoidasini joriy qilgan edi. Unga muvofiq, mablag‘ yechib olingandan so‘ng kartada kamida 3 BHM (hozirda — 1,32 mln so‘m) miqdorida mablag‘ qolishi lozim.

Spot avvalroq Raqobat qo‘mitasi kredit bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar tartibini qayta ko‘rib chiqishni taklif etgani haqida yozgandi.