Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlarini hisoblash mexanizmini iste‘molchilar manfaatidan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Markaziy bankka takliflar kiritdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim banklarda kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda. Natijada asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.
Xususan, O‘zsanoatqurilishbank va Hamkorbank kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati belgilangan bo‘lsa-da, amalda bu talab bajarilmayotgani ma‘lum bo‘lgan.
Shuningdek, banklarning mobil ilovalarida kredit to‘lovlari bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi qayd etilgan.
Qo‘mita ta‘kidlashicha, ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirmaslik va unga foiz hisoblashni davom ettirish iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid.
Amaldagi nizomga ko‘ra, shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, oylik to‘lovdan ortiqcha kelib tushgan mablag‘ asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi va kredit bo‘yicha hisob-kitob qayta amalga oshirilishi kerak. Bank dasturiy ta‘minotidagi nosozliklar esa iste‘molchining majburiyatlarini oshirmasligi lozim.
Shundan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi Markaziy bankka bank xizmatlari iste‘molchilari bilan munosabatlarga oid nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandini iste‘molchilar manfaatidan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Shuningdek, kredit hisob-kitoblari, jumladan, kreditni muddatidan oldin so‘ndirish shartlarini bevosita “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solish taklifi ilgari surildi.
Qo‘mita xorijiy tajribani ham misol keltirgan. Jumladan, AQShning ayrim banklarida mijozlar mobil ilovadagi Principal Only funksiyasi orqali ortiqcha to‘lovni bevosita asosiy qarzga yo‘naltirishi mumkin.
Rossiyada iste‘mol kreditini muddatidan oldin so‘ndirish uchun qo‘shimcha haq olinmaydi. Qozog‘istonda esa kreditni muddatidan oldin jarimasiz so‘ndirish, qisman to‘lov amalga oshirilganda bank bilan kelishilgan holda oylik to‘lovni kamaytirish yoki kredit muddatini qisqartirish imkoniyati mavjud.
Yevropa Ittifoqida kredit muddatidan oldin so‘ndirilganda qolgan muddatga tegishli foiz va xarajatlarni kamaytirish huquqi belgilangan.
Spot avvalroq Markaziy bank banklardan omonat shartnomalaridagi cheklovlarni bartaraf etishni talab qilgani haqida yozgandi.