Markaziy bank tijorat banklarining omonat mahsulotlari bo‘yicha shartnomalarini o‘rganib, ayrim banklar amaliyotida omonatchilarning o‘z mablag‘larini qaytarib olish huquqini cheklashi mumkin bo‘lgan shartlarni aniqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, ayrim omonat shartnomalarida bankning o‘z ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan ommaviy tartibsizliklar, mitinglar, ko‘cha harakatlari, bosqinchilik holatlari va to‘lovga qobiliyatsizlik davrida omonat mablag‘ini muddatidan oldin qaytarish bo‘yicha bank javobgar hisoblanmasligi nazarda tutilgan.

Markaziy bank qayd etishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, omonat turidan qat‘i nazar, bank omonatchining talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini qaytarishi shart. Iste‘molchi huquqlarini cheklaydigan hamda qonunchilikka zid shartlar haqiqiy hisoblanmaydi.

Shundan kelib chiqib, regulyator tijorat banklariga amaldagi omonat shartnomalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish talabini qo‘ydi. Banklar shartnomalardagi iste‘molchilar huquqlarini cheklovchi va qonunchilikka zid bandlarni aniqlab, mavjud holatlarni zudlik bilan bartaraf etishi kerak.

Markaziy bankka ko‘ra, mazkur choralar omonat shartlarini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish, omonatchilarning o‘z mablag‘larini qaytarib olish huquqini ta‘minlash hamda bank xizmatlarida iste‘molchilar manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan.

Joriy haftada AVO bank mijozining omonat mablag‘lari huquqni muhofaza qiluvchi organ qarori asosida bloklangani ma‘lum bo‘ldi. Markaziy bank cheklov tegishli organ yoki sud qarori bilan bekor qilinishi mumkinligini bildirgan.

Avvalroq banklar kreditning xavf va oqibatlari haqida ogohlantirishi shart bo‘lishi haqida yozgandi.