Ijtimoiy tarmoqlarda AVO bank mijozining omonat hisobvarag‘i bloklangani va omonat muddati tugaganiga qaramay, mablag‘lari qaytarilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

OneDev asoschisi Aleksey Moskovtsevning ma‘lum qilishicha, u 2025-yil 9-dekabrda kvartirasini sotishdan tushgan mablag‘ni AVO bank‘ka olti oylik omonatga joylashtirgan. Omonat muddati 2026-yil 10-iyunda yakunlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bank 14-may kuni, omonat muddati tugashidan qariyb bir oy oldin hisobvarag‘ini bloklagan. Moskovtsev omonat muddati tugagach ham mablag‘larini ololmagani va 134 kundan beri ulardan foydalana olmayotganini bildirgan.

Mijoz masala yuzasidan bank, Markaziy bank va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini qayd etgan. Uning ta‘kidlashicha, 10-sentabr kuni Yunusobod tumani ichki ishlar organidan olingan xatda depozit hisobvarag‘i asossiz bloklangani ko‘rsatilgan.

Moskovtsev ushbu xatni bankka taqdim etgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, bank hisobvaraqni blokdan chiqarish uchun vakolatli organning tegishli hujjati zarurligini bildirgan.

AVO bank izohi

AVO bank 29-sentabr kuni holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Bankka ko‘ra, mijozning hisobvaraqlari va omonatidagi mablag‘larni tasarruf etishga cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organning tergov tadbirlari doirasidagi talabi asosida qo‘yilgan.

Bank qonunchilikka muvofiq bunday talablarni bajarishi shartligini, cheklovni esa mustaqil ravishda bekor qila olmasligini ta‘kidladi.

AVO bank mijoz taqdim etgan davlat organi xatini ham o‘rgangan. Bankning bildirishicha, mazkur xat vakolatli organning cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi protsessual hujjati hisoblanmaydi va mablag‘larni blokdan chiqarish uchun asos bo‘la olmaydi.

Bank holatni aniqlashtirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Markaziy bankka murojaat qilgan. Hozirga qadar cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi tegishli hujjat bankka kelib tushmagan.

Shuningdek, AVO bank cheklov omonat bo‘yicha foizlar hisoblanishini to‘xtatmaganini bildirdi. Foizlar omonat shartnomasining amal qilish muddati tugagunga qadar hisoblangan. Moskovtsev esa 11-iyundan boshlab omonatiga foiz hisoblanmayotganini bildirgan.

Markaziy bank izohi

30-sentabr kuni Markaziy bank AVO bank mijozining hisobvaraqlari va omonatlari bo‘yicha operatsiyalar cheklanganiga oid holatni iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan batafsil o‘rganib chiqqanini ma‘lum qildi.

Regulyator o‘rganish natijasida mijozning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar AVO bank tomonidan Yunusobod tumani prokurori ruxsati bilan Yunusobod tumani IIO FMB TQX KJQKBning tegishli qarori asosida muzlatilganini aniqladi.

Markaziy bank Jinoyat-protsessual kodeksining 294-moddasiga ko‘ra, banklarda saqlanayotgan pullar olib qo‘yilmasligi, biroq mol-mulk xatlangani haqidagi qaror yoki ajrim olingach, ularni xarjlash operatsiyalari to‘xtatilishini qayd etdi.

Shu sababli bank cheklovni qo‘ygan huquqni muhofaza qiluvchi organning uni bekor qilish haqidagi qarori olinmaguniga qadar hisobvaraqni mustaqil ravishda blokdan chiqara olmaydi.

Shuningdek, Markaziy bank ham, tijorat banki ham huquqni muhofaza qiluvchi organning mazkur qarori qonunchilikka muvofiqligini o‘rganish vakolatiga ega emasligi ta‘kidlandi.

Cheklov uni qo‘ygan huquqni muhofaza qiluvchi organning bankka yuborgan rasmiy qarori yoki sudning tegishli qarori asosida bekor qilinishi mumkin.

Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, AVO bank mijozga hisobvaraqlariga huquqni muhofaza qiluvchi organ qarori asosida cheklov qo‘yilgani haqida 3-iyun va 10-iyul kunlari yozma ravishda ma‘lum qilgan.

Regulyator mazkur masalani nazoratda saqlashda davom etishini bildirdi.

Avvalroq Toshkentdagi banklardan birining mas’ul shaxslari mijozning $500 minglik omonatidan $300 mingni o‘zlashtirgani aniqlangani, Markaziy bank esa holat yuzasidan Spot’ga izoh bergani haqida xabar berilgandi.