O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilgan umumiy qishloq xo‘jaligi ro‘yxati natijasida ekin maydonlari, chorva mollari soni, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi haqidagi ma’lumotlar yangilandi. Shu asosda 2025-yil uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlari qayta hisoblandi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning yakuniy natijalarida ma’lum qildi.

Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining joriy narxlardagi ishlab chiqarish hajmi 623,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu avvalgi hisob-kitoblardan 84,6 trln so‘m yoki 15,7% ko‘p.

Ro‘yxatda qishloq xo‘jaligiga oid 7,6 mln hisobga olish birligi qayd etildi. 2025-yilda ularning foydalanishida jami 42,5 mln gektar yer bo‘lgan. Uning yarmini (21,2 mln gektar) tabiiy pichanzor va yaylovlar egallaydi. Ochiq maydondagi bir yillik ekinlar 4,2 mln gektar, o‘rmonlar 3,6 mln gektar, ko‘p yillik daraxtlar 3,5 mln gektar, baliq boqish uchun foydalanilgan yerlar 652,8 ming gektarni tashkil etdi.

Avval hisobga olinmagan maydonlar

Ro‘yxatga olish natijasida avvalgi statistik kuzatuvlarda qamrab olinmagan ekin maydonlari va ularda yetishtirilgan mahsulotlar hisobga olindi. Jumladan, malina maydonlari avvalgi ma’lumotlarga nisbatan 27,6 baravar, gulkaram 11 baravar, dorivor o‘simliklar 4,9 baravar, qulupnay esa 3,1 baravar ko‘p ekani aniqlandi.

Shuningdek, ilgari hisobga olinmagan brokkoli, golubika, kovrak, qizilmiya, lavanda va boshqa ekinlar maydonlari aniqlangan.

Qo‘shimcha aniqlangan maydonlar jami 985,4 ming gektarni tashkil etdi. Shundan 789,6 ming gektari ekin yerlari, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar, 14,1 ming gektari issiqxonalar va 85 ming gektari baliq havzalariga to‘g‘ri keldi.

Natijada bog‘ va tokzorlar maydoni avvalgi 516,3 ming gektardan 613 ming gektarga, issiqxonalar maydoni esa 8 ming gektardan 22,1 ming gektarga oshdi. Mevali bog‘lar 456,7 ming gektarni, tokzorlar 156,3 ming gektarni tashkil etadi. Issiqxonalarning 69,2% i dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarga, ochiq maydondagi ekin yerlarining 55,1% i esa fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi.

Bir yillik ekinlar maydonining 47,4% ini don va dukkakli don ekinlari, 24% ini texnik ekinlar egallagan. Ozuqa ekinlari 14,8%, sabzavotlar 8,1%, kartoshka 3,2% ni tashkil etadi.

Hosil va dehqonchilik

Don yetishtirish hajmi 11 mln tonna deb qayta hisoblandi. Bu avval e’lon qilingan ko‘rsatkichdan 8,6% yuqori. Sabzavot yetishtirish hajmi 14,4 mln tonnaga (5,2% ga), poliz mahsulotlari 4,2 mln tonnaga (28,2% ga), meva va rezavorlar 4,1 mln tonnaga (18,5% ga), uzum esa 2,3 mln tonnaga (14,5% ga) oshirildi.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, bu farqlar ro‘yxat vaqtida qo‘shimcha mahsulot yetishtirilganini emas, avvalgi ma’lumotlar to‘ldirilganini anglatadi.

Natijada 2025-yil uchun dehqonchilik mahsulotlarining joriy narxlardagi ishlab chiqarish hajmi 243 trln so‘mdan 290,6 trln so‘mga yetdi. Bu avvalgi hisob-kitoblardan 47,6 trln so‘m yoki 19,6% ko‘p.

Chorvachilik

Chorvachilikda esa qoramollar soni avvalgi ma’lumotlarga nisbatan qariyb 2,3 mln bosh kam ekani aniqlandi. Yangilangan hisob-kitoblarda qoramol go‘shti ishlab chiqarish hajmi 13,1% ga, sut ishlab chiqarish hajmi esa qariyb 19,2% ga kamaydi.

2026-yil 15-yanvar holatiga mamlakatda 12,2 mln bosh qoramol, 23,1 mln bosh qo‘y va echki, 120,9 mln bosh parranda, 251,1 ming bosh ot, 35,5 ming bosh tuya va 45,7 ming bosh cho‘chqa bor. Asalari oilalari soni 917,1 mingtani tashkil etadi.

Qoramollarning 87,1% i va qo‘y-echkilarning 71,3% i dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda boqiladi. Parrandalarning 61,7% i esa yuridik subyektlarga tegishli.

Baliqchilik

Baliqchilik xo‘jaliklarida qo‘shimcha baliq boqish havzalari aniqlanib, ularning maydonlari haqidagi ma’lumotlar yangilandi. Qayta hisob-kitoblar natijasida ovlangan baliq hajmi avvalgi 205,5 ming tonnadan 446,5 ming tonnaga yetdi. Bu dastlabki ko‘rsatkichdan 2,2 baravar ko‘p.

Ro‘yxat natijalari uy xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yog‘ochni qayta ishlash va undan qurilish materiallari tayyorlash bo‘yicha ma’lumotlarni ham yangilash imkonini berdi. Bu faoliyatlarga oid o‘zgarishlar sanoatning tegishli ko‘rsatkichlarida alohida aks ettirildi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining fizik hajmini qayta hisoblash masalalari BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) texnik ko‘mak missiyasi doirasida ham ko‘rib chiqildi. Tashkilot ma’lumotlarni taqqoslash va oldingi yillar ko‘rsatkichlarini aniqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Avvalroq aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi ilk bor 39 mln kishidan oshgani haqida xabar berilgandi.