Aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi ilk bor 39 mln kishidan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 mln 47 ming 321 kishini tashkil etib, joriy statistik hisob-kitoblardan 810 ming 617 kishiga oshgan.
Mamlakatda aholini ro‘yxatga olish 15-yanvardan 28-fevralgacha o‘tkazildi. 1989-yilgi aholini ro‘yxatga olish bilan taqqoslaganda mamlakat aholisi deyarli 2 baravar ko‘paydi.
Aholi orasida erkaklar 19 mln 766 ming 166 nafar, ayollar 19 mln 281 ming 155 nafarni tashkil etadi. Aholini ro‘yxatga olishda mamlakat hududida bir yildan ortiq yashayotgan 56,9 ming nafar chet el fuqarolari — asosan Hindiston, Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari ham hisobga olingan.
Aholining milliy tarkibida o‘zbeklar 89,4%, tojiklar 3,3%, qoraqalpoqlar 2,2%, qozoqlar 1,8%, ruslar 1,6%, qirg‘izlar 0,6%, turkmanlar 0,5%, boshqa millat vakillari 0,6% ni tashkil etgan. O‘zbek tilini ona tili sifatida mamlakat aholisining 91,3%i (35,7 million kishi) ko‘rsatgan, bu etnik o‘zbeklar ulushidan 1,9 foiz punktga yuqori.

Aholini ro‘yxatga olish qishloq xo‘jaligida ham o‘zgarishlarni qayd etdi: joriy hisob-kitoblarga nisbatan bir yillik ekin maydonlari 23,%ga, bog‘ va tokzorlar 18,8% ga, issiqxonalar 2,2%ga, baliqchilik suv havzalari 15% ga ko‘paydi. Shu bilan birga, qoramollar soni 14,9% ga, qo‘y va echkilar soni 6,2% ga, otlar soni 11,2% ga kamaydi, parrandalar soni esa 12,7% ga oshdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, aholining 82,3%i onlayn ro‘yxatga olingan. Qolgan aholi “mahalla yettiligi” vakillari tomonidan planshetlar yordamida uyma-uy yurish orqali so‘rovdan o‘tkazildi — bu ishda 55 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.
Aholini ro‘yxatga olishdan keyingi kuzatuv natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisining 97,3%i ro‘yxatga olindi, bu xalqaro me’yorlarga mos keladi, unga ko‘ra qamrab olinmagan aholi ulushi 10% va undan ortiq bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, bir kishini ro‘yxatga olish xarajatlari $0,12 ni tashkil etdi.
Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida 8,2 mlndan ortiq obyekt bo‘yicha geolokatsiya ma’lumotlari shakllantirildi, OneID tizimida esa 2,1 mln yangi foydalanuvchi ro‘yxatga olindi. Aholi murojaatlariga tezkor javob berish uchun koll-markaz tashkil etilib, u orqali kuniga 2 mingdan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Ro‘yxatga olish natijalari demografik o‘zgarishlarni tahlil qilish va infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojni baholash, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya sohalarida davlat dasturlarini manzilli tashkil etish imkonini beradi. Aholini ro‘yxatga olishning dastlabki ma’lumotlari muntazam ravishda Milliy statistika qo‘mitasi saytida e’lon qilib boriladi.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda sezilayotgan inflyatsiya minimum darajani yangilangani haqida xabar berilgandi.