Aprel oyidagi qisqa o‘sishdan so‘ng o‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari keskin pasaydi. Bu haqda Markaziy bank 3438 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga tayanib xabar berdi.
So‘nggi 12 oydagi narx o‘sishining o‘rtacha bahosi 10,3% ni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,8% ga, yillik ifodada esa 4% dan ko‘proqqa kamaygan. Median ko‘rsatkich 0,7 foiz punktga pasayib, 9% ga tushdi.
Sezilayotgan inflyatsiya bo‘yicha hududlar orasida Farg‘ona viloyati 12,2% bilan birinchi o‘rinni egalladi, undan keyingi o‘rinlarda Samarqand (12,1%) va Toshkent (12%) joylashgan.
O‘tgan oyda yetakchi bo‘lgan Qashqadaryo mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past natijani ko‘rsatdi (9,8%), eng past inflyatsiya baholari esa Navoiy (7,9%) va Xorazm (8,3%) viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Kasblar kesimida eng yuqori inflyatsiya hissi pensionerlar (13%), IT-mutaxassislar (12,1%), bank (11,3%) va transport xodimlarida (11,2%) kuzatilgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa talabalar (8,9%), tibbiyot xodimlari (9,4%) va turizm sohasi vakillari (9,5%) orasida qayd etilgan.
Daromadi yuqoriroq fuqarolar yuqori inflyatsiyani qayd etishda davom etmoqda: oyiga 30 mln so‘m va undan ko‘p daromadga ega guruhda o‘rtacha baho 13,5% ni, 10 mlndan 30 mlngacha bo‘lgan guruhlarda esa 12,2−12,4% ni tashkil etgan.
Shu bilan birga, daromadi 2 mln so‘mdan kam bo‘lganlar narxlar yiliga o‘rtacha 8%ga, 2−4 mln so‘mlik guruh esa 9,5% ga oshganini ma’lum qildi. O‘z daromadiga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklarning inflyatsion his-tuyg‘ulari 10%ni tashkil etdi.
Avvalgi oylarda bo‘lgani kabi, fuqarolar ko‘pincha go‘sht va sut mahsulotlari narxi oshganini ta’kidladilar (54%). Shuningdek, benzin va boshqa yoqilg‘ilar (31%), meva-sabzavotlar (29%), elektr energiyasi va gaz (25%) bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Qimmatlashgan mahsulot va xizmatlar qatorida tilga olingan ayrim pozitsiyalar bo‘yicha ko‘rsatkichlar sezilarli kamaydi. Jumladan, dori-darmonlar (17%, aprelda 23%), qurilish materiallari (17%, aprelda 20%), umumiy ovqatlanish xizmatlari (13%, aprelda 18%), tibbiy xizmatlar va o‘simlik yog‘i (12%, aprelda 16%).
Respondentlarning eng kam qismi guruch, non va un, shuningdek maishiy xizmatlar narxi oshganini qayd etdi (har biri 7%). Ta’mirlash ishlari (8%) va ta’lim xizmatlari (9%) narxlarining oshishi ham nisbatan kam tilga olindi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda may oyida eng ko‘p nimalar qimmatlashgani haqidan yozgandi.
Qayd etilishicha, o‘tgan oy davomida benzin narxlari o‘rtacha 0,6% ga, propan esa qariyb 2% ga qimmatlashdi.