Aprel oyida sezilgan inflyatsiya darajasi uch oylik pasayishdan so‘ng biroz ko‘tarildi, deya xabar beradi Markaziy bank o‘z tadqiqot natijalari bo‘yicha hisobotida. Unda 3475 nafar respondent ishtirok etdi.
So‘nggi 12 oydagi narxlar o‘sishining median bahosi mart oyiga nisbatan 0,1% bandga ko‘tarilib, 9,7% ga yetdi. O‘rtacha ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qoldi — 11,1%.
Hududlar orasida Qashqadaryo 12,9% bilan birinchi o‘ringa chiqdi, keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (12,4%) va Toshkent viloyati (12,1%) qayd etildi. Toshkent shahri 11,5% bilan beshinchi o‘ringa — Sirdaryo viloyatidan (11,7%) keyingi pog‘onaga tushdi. Eng past baholar Farg‘ona (9,5%) va Qoraqalpog‘istonda (10%) kuzatildi.
Kasblar kesimida narxlarning eng kuchli o‘sishini savdo sohasi vakillari (13,1%) sezgan. Shuningdek, yetakchilar qatoridan xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari (12,3%) va nafaqaxo‘rlar (12,2%) ham o‘rin oldi. Eng past sezgilar davlat xizmatchilari (9,9%), quruvchilar (10%) va talabalar (10,4%) orasida qayd etildi.
Daromadi yuqori fuqarolar, avvalgidek, narxlarning yuqoriroq o‘sishini qayd etmoqda. Oyiga 30 mln so‘m va undan ortiq daromadga ega guruhda o‘rtacha ko‘rsatkich 14,7% ni, 20−30 mln so‘m daromadga ega guruhda esa 14,1% ni tashkil etdi.
Eng past baholar daromadi 2−4 mln so‘m bo‘lgan o‘zbekistonliklar orasida qayd etilgan — 10,5%. Ulardan keyingi o‘rinlarda 4−7 mln so‘m (11,1%) hamda daromadi 2 mln so‘mdan kam bo‘lgan fuqarolar (11,2%) turadi.
O‘tgan oylardagi kabi, so‘rov ishtirokchilari ko‘pincha go‘sht va sut mahsulotlari narxi oshganini ta‘kidlagan — 56% (mart oyida 48% edi). Keyingi o‘rinlarda meva-sabzavotlar (29%), shuningdek, benzin va boshqa turdagi yoqilg‘i (28%) joylashgan. Elektr energiyasi va gaz 4-o‘ringa (25%) tushgan bo‘lsa, kuchli beshlikni dori-darmonlar (23%) yakunlab bergan.
Respondentlarning eng kam qismi guruch (6%), non va un (9%), shakar va qandolat mahsulotlari, maishiy va ta‘lim xizmatlari (10% dan) narxi oshganini bildirgan. Tuxum narxi oshganini qayd etganlar ulushi biroz kamaydi (11%).
Spot, avvalroq, aprelda inflyatsion kutilmalar yana minimumga yetgani haqida yozgandi.