Kutilayotgan inflatsiya darajasi navbatdagi ko‘p oylik minimumini yangiladi, deyiladi Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalarida. Unda 3475 nafar respondent ishtirok etdi.

Aprel yakunlariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishining o‘rtacha prognozi 10,6% ni tashkil etdi — bu o‘tgan oyga nisbatan 0,4% ga kam. Mediana ko‘rsatkich esa mart oyiga taqqoslaganda o‘zgarmay, 9,5% ligicha qoldi.

Hududlar orasida kutilmalar bo‘yicha 11,7% bilan Toshkent viloyati birinchi o‘ringa chiqdi, 11% lik ko‘rsatkichga ega Toshkent shahri esa Qashqadaryo va Surxondaryodan (har biri 11,4%) keyingi, to‘rtinchi o‘ringa tushib qoldi. Eng past prognozlar Qoraqalpog‘istonda (9,6%), Samarqand va Navoiyda (9,8%) qayd etildi.

Bandlik kesimida olib qaralganda, pensionerlar kelajakdagi inflatsiyaga eng yuqori baho bergan (12,6%), ulardan keyingi o‘rinlarda savdo (12,2%), servis va ta‘lim sohalari (11,8%) xodimlari turibdi. Eng optimistik prognozlarni talabalar (9%), davlat xizmatchilari (9,6%) va turizm biznesi (9,7%) vakillari bildirdi.

Daromadi yuqoriroq aholi guruhlari yuqoriroq prognozlar bermoqda. Oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromad oladigan respondentlar o‘rtacha 16,5% lik, 20−30 mln so‘m oladiganlar esa 14,9% lik prognozni keltirgan.

Biroq, daromadi 15−20 mln so‘m bo‘lgan o‘zbekistonliklar o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastroq — 10,5% lik baho bergan. Bundan pastroq kutilmalar faqat ikkita qatlamda — daromadi 2−4 mln so‘m (9,9%) va 2 mln so‘mdan kam (10,1%) bo‘lganlarda qayd etilgan.

Kommunal xarajatlarning oshishi prognozlarga ta‘sir ko‘rsatuvchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda — buni ishtirokchilarning yarmidan sal ko‘prog‘i ta‘kidlagan. Ikkinchi o‘rinni energiya resurslari uchun xarajatlarning o‘sishi (44%) egallab turibdi, keyingi o‘rinlarda esa oziq-ovqat qimmatlashishi (28%), transport xarajatlari va valyuta kursining tebranishlari (har biri 27%) joy olgan.


Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda 1700 nafar respondent ishtirok etdi. Ular orasida ham inflatsion kutilmalar so‘nggi yillardagi eng past darajaga tushish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.

Yaqin bir yil uchun o‘rtacha prognoz 10,3% ni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 0,4% bandiga kamaydi. Mediana raqami esa birdaniga 0,5% bandiga pasayib, 9,3% ga tushdi.

Toshkentlik tadbirkorlar eng yuqori inflatsiyani kutmoqda (11,4%). Birdaniga to‘rtta hududda — Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Samarqandda baho 11,1% ni tashkil etdi. Qolgan hududlarda prognoz mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘ldi, minimal ko‘rsatkichlar esa Qoraqalpog‘istonda (9,2%), Navoiy va Farg‘onada (9,4%) qayd etildi.

Sohalar kesimida eng yuqori prognozlar madaniyat (12%), hunarmandchilik (11,8%) va tibbiyot (11,5%) sohalarida kuzatilmoqda. Yuk tashish, umumiy ovqatlanish va qurilish sohasi vakillari esa 9% dan 9,9% gacha bo‘lgan eng optimistik baholarni berdi.

Aholi kabi tadbirkorlar uchun ham prognozlardagi asosiy omillar kommunal xizmatlar tariflari (50%), energetika xarajatlari (48%) va transport xarajatlarining (39%) oshishi bo‘ldi. Mart oyiga nisbatan xomashyo qimmatlashishi ko‘proq qayd etilgan (33%). Keyingi o‘rinlarda valyuta dinamikasi (28%), soliq yuki (27%) va ish haqi (26%) turibdi.

Spot, avvalroq, aprel oyida O‘zbekistonda eng ko‘p nimalar qimmatlashgani haqida yozgandi.