Avvalroq aprelda yillik inflyatsiya so‘nggi yillardagi eng past daraja — 7% ni tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Narxlarning oylik o‘sishi 0,6% ni tashkil etdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 1% ga qimmatlashdi, yillik hisobda esa narxlar o‘sishi 5,9% gacha tezlashdi. Nooziq-ovqat tovarlari narxi mos ravishda 0,3% va 5,2% ga oshdi. Pullik xizmatlar sohasida oylik o‘sish 0,4% ni tashkil etgan bo‘lsa, yillik ko‘rsatkich 12% gacha sekinlashdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
O‘tgan oyda narxlari oshishi bo‘yicha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida go‘sht yetakchilik qildi. Qo‘y go‘shti 3,7% ga, mol go‘shti (suyakli va suyaksiz) 3,2% ga, qiyma esa 2,9% ga qimmatlashdi. Bir oy davomida 1,2−1,3% ga arzonlashgan parranda go‘shti bundan mustasno bo‘ldi.
Aprel oyida import qilingan mol go‘shtining narxi bir kilogrammiga 5 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha oshgani kuzatildi. Mahalliy go‘sht esa 2−5 ming so‘mga qimmatlashdi.
Shuningdek, shakar (+2,2%), baliq (+2%), o‘simlik yog‘i (+0,8%) va sut (+5,6%) narxlari ham sezilarli darajada oshdi. Meva-sabzavot mahsulotlaridan bulg‘or qalampiri (+10,3%), kartoshka (+6,5%), olma (+4,5%) va sabzi (+3,2%) qimmatlashdi.
Boshqa tomondan, aprelda bodring narxi yana 26% ga, ko‘katlarniki esa 3,3% ga arzonladi. Piyoz narxi o‘rtacha 2,7% ga, pomidor va karamniki 2,4% ga, bananlarniki esa 1,3% ga pasaydi. Bundan tashqari, tuxum (-3,6%) va guruch (-1,1%) narxlarida ham biroz pasayish qayd etildi.
O‘tgan bir yil davomida eng ko‘p olma (+23,3%), qo‘y go‘shti (+20,3%), mol go‘shti (suyakli +16,6% va suyaksiz +17,3%) hamda tuxum (+16,7%) qimmatlashgan.
Ayni paytda, piyoz narxi 21,5% ga, guruchniki 12,8% ga tushdi. Sabzi 10% dan, karam 9,8% dan, bodring esa 8,9% dan ko‘proq arzonlashdi.
Xizmatlar
Aprel oyida kommunal xizmatlar ichida faqat ayrim hududlarda maishiy chiqindilarni olib ketish tariflari oshdi. O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha hisobda sanitariya tozalash xizmatlari bir oyda 2,4% ga, yillik hisobda esa 28% ga qimmatlashdi.
Transportning asosiy turlari sezilarli darajada qimmatlashdi. Xususan, shaharlararo poyezdlarda yo‘lkira mart oyiga nisbatan 1,4% ga, o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan esa 13,6% ga oshdi. Shahar avtobuslarida qatnash narxlari bir oyda 1,6%, yillik hisobda 16,4% o‘sishni ko‘rsatdi.
Ichki reyslar uchun aviachiptalar narxi 2,6% ga, xalqaro reyslarniki esa 2,3% ga oshdi. Shu bilan birga, yillik hisobda ular mos ravishda 7,9% va 13,1% ga arzonlashgan.
Tibbiyot sohasida ham narxlar o‘sishda davom etmoqda. Masalan, laboratoriya xizmatlari va diagnostik vizualizatsiya o‘rtacha 0,6% ga (yiliga 7,7%), stomatolog qabuliga borish esa 0,3% ga (yiliga 4,4%) qimmatlashdi.
Uy-joyni ta‘mirlash xizmatlari mart oyiga nisbatan 0,3% ga, o‘tgan yilgi darajaga nisbatan esa 5,9% ga qimmatladi. Uy-joy ijarasi uchun to‘lov martdagi 0,2% lik ko‘rsatkichdan farqli o‘laroq, bir oyda 0,6% ga oshdi, yillik o‘sish esa 2,4% ga yetdi.
Sanoat mahsulotlari
Avtomobil benzini bir oy avval narxlar biroz pasayganidan so‘ng yana 1,4% ga qimmatlashdi, yillik o‘sish esa 11,2% ni tashkil etdi. Eng ko‘p AI-92 markali benzin narxi (+1,6%) ko‘tarilgan bo‘lsa, AI-95 va AI-98/AI-100 uchun o‘sish unchalik sezilarli bo‘lmadi (+0,9% va +0,2%).
Propan narxi litri uchun 7000 so‘mlik amaldagi yuqori chegara fonida mart oyiga nisbatan 2,8% ga arzonlashdi, biroq yillik o‘sish 16,7% ni tashkil qildi. Metan narxi aprel oyida 0,7% ga oshdi, yillik o‘sish esa biroz sekinlashib, 27,9% ni tashkil etdi.
Shuningdek, Statistika qo‘mitasi toshko‘mir narxi pasayganini (-0,7%) qayd etdi. Uy-joyga xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash uchun materiallar aprelda 0,7% ga qimmatlashdi, yillik o‘sish esa 7,1% ni tashkil etdi.
Boshqa tovarlar orasida bir oy ichida eng ko‘p shampunlar (+2,9%) qimmatlashdi. Yillik hisobda eng yuqori o‘sish qimmatbaho metallardan yasalgan uzuklarda (+27,6%), eng pasti esa bolalar tagliklarida (+0,1%) qayd etildi.
Spot, avvalroq, 2025-yilda O‘zbekiston tashqi qarzi $18,1 mlrdga oshib, $82,2 mlrdga yetgani haqida yozgandi.