2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $18,1 mlrdga oshdi. Bu Markaziy bankning mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiya mavqei va tashqi qarzi bo‘yicha sharhida keltirilgan.
O‘tgan yilda jahon miqyosida saqlanib qolgan geosiyosiy keskinliklar, tashqi savdo fragmentatsiyasi va yuqori iqtisodiy noaniqliklarga qaramasdan, O‘zbekistonning to‘lov balansi va xalqaro investitsiyaviy mavqei ko‘rsatkichlarida ijobiy tendensiyalar kuzatildi. Bu, asosan, tashqi savdo hajmlarining oshishi, xalqaro moliya bozorlaridan mablag‘lar jalb etilishining faollashishi, tashqi mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi hamda xalqaro pul o‘tkazmalari oqimlarining ko‘payishi bilan izohlanadi.
2025-yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YIMga nisbatan 3,9% ni ($5,8 mlrd) tashkil etib, 2024-yildagi 4,7% ga ($5,7 mlrd) nisbatan 0,8 foiz bandga qisqardi.
Eksportning importga nisbatan yuqoriroq o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, import hajmining eksportga nisbatan katta bo‘lganligi sababli tovar va xizmatlar savdosi balansi manfiy shakllanib, $19,9 mlrdni tashkil etdi. Ushbu kamomadni qisman qoplash transfertlarning sezilarli o‘sishi hisobiga amalga oshirildi: ikkilamchi daromadlar bo‘yicha ijobiy saldo $13,7 mlrdga, birlamchi daromadlar bo‘yicha esa $371,4 mlnga yetdi.

2025-yilda jami eksport hajmi 23% ga o‘sib, $32,3 mlrdni tashkil etdi (oltinsiz eksport — $22,5 mlrd, +20%). Tovarlar eksporti 17% ga ko‘payib, $23 mlrdga yetdi (oltinsiz — $13,2 mlrd, +9%).
Ishlab chiqarish hajmlaridagi o‘zgarishlar bilan birga jahon bozorlarida xomashyo narxlarining dinamikasi ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Oltin narxi yil boshiga nisbatan 63% ga, kumush 2 barobarga, mis 32% ga va uran 5% ga oshgan. Shu bilan birga, paxta narxi 7% ga pasaygan.
Xizmatlar eksporti 42% ga o‘sib, $9,3 mlrdni tashkil etdi. Buning asosiy omili sayyohlar sonining oshishi, mintaqadagi transport koridorlaridan foydalanishning kengayishi hamda IT sohasidagi tarkibiy islohotlar bo‘ldi.
2025-yilda jami import hajmi 20% ga ko‘payib, $52,2 mlrdga yetdi. Bu investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqoriligi sharoitida mashina va uskunalar, kimyoviy va mineral mahsulotlar, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyo importining davom etishi bilan izohlanadi. Importning eng yuqori hajmi to‘rtinchi chorakka to‘g‘ri keldi — $15,3 mlrd. Tovarlar importi $38,6 mlrd (+16%), xizmatlar importi esa $13,6 mlrd (+30%) ni tashkil etdi.
Mehnat muhojirlari ishlagan an’anaviy mamlakatlarda talabning yuqori saqlanib qolishi, ish haqi miqdorining o‘sishi hamda mehnat diversifikatsiyasi birlamchi va ikkilamchi daromadlar bo‘yicha tushumlarning ortishiga xizmat qildi. Norezidentlarning investitsiya daromadlari (dividendlar, reinvestitsiya va foiz to‘lovlari) ko‘payishi birlamchi daromadlar bo‘yicha to‘lovlar hajmini oshirdi. Natijada, birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi musbat saldo bilan shakllandi — mos ravishda $371 mln va $13,7 mlrd.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob doirasida jalb qilingan kapital tushumlari hisobiga moliyalashtirildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi qariyb 1,5 barobarga o‘sib, $4,4 mlrdga teng bo‘ldi (YIMga nisbatan 3%). Ularning tarkibida kapital qo‘yilmalar va jalb qilingan qarz mablag‘lari ham, xorijiy investorlarning reinvestitsiya qilingan daromadlari hajmi ham ko‘paydi.
Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 40% ga ko‘payib, $4,4 mlrdni tashkil qildi (YIMga nisbatan 3%). Xalqaro moliya bozorlarida hukumat tomonidan 3 ta, banklar tomonidan 7 ta hamda nomoliyaviy korxonalar tomonidan 4 ta yangi xalqaro obligatsiyalar joylashtirildi. 2 ta yevroobligatsiya bo‘yicha majburiyatlar esa to‘liq so‘ndirildi.
Natijada, 2025-yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi $9,3 mlrdni tashkil etdi.
O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei 2 barobarga mustahkamlanib, $19,1 mlrdga yetdi. Bunda rezidentlarning chet el valyutasidagi aktivlari 33% ga (+$32 mlrd) oshib, %128,4 mlrdni tashkil etgan bo‘lsa, tashqi majburiyatlari 26% ga (+$22,4 mlrd) ko‘payib, $109,3 mlrdga yetdi.
Aktivlar hajmining o‘sishi asosan xalqaro zaxiralar hisobiga to‘g‘ri keldi. Oltin narxi oshishi ta’sirida xalqaro zaxiralar qoldig‘i $25,1 mlrdga ko‘payib, $66,3 mlrdni tashkil etdi. Xorijiy valyutadagi zaxiralar ham $1,9 mlrdga oshdi.

2026-yil 1-yanvar holatiga xorijdan jalb qilingan davlat tashqi qarzi $40,5 mlrdni tashkil etdi. Uning YIMga nisbati pasayishni saqlab qolib, 0,4 foiz bandga — 27,5% gacha kamaydi. Qarz mablag‘lari to‘liq uzoq muddatli va asosan imtiyozli shartlar asosida jalb qilingan.
Xo‘jalik subyektlari va banklar tomonidan norezidentlardan jalb qilingan korporativ kredit va qarzlar $41,7 mlrdni tashkil etdi (YIMga nisbatan 28,4%). Ularning 92% dan ortig‘i uzoq muddatli shartlarda olingan.
Korporativ tashqi qarz tarkibida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy investorlardan jalb qilingan qarz qoldig‘i $6,5 mlrdni, xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha $7,3 mlrdni tashkil etdi. Qolgan qismi esa xususiy sektorning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va faoliyatni kengaytirish uchun davlat kafolatisiz jalb qilgan qarzlari hisobiga shakllandi.
2025-yilda jami tashqi qarz 28,2% ga oshib, $64,1 mlrddan $82,2 mlrdga yetdi: davlat qarzi $6,6 mlrdga (+19,4%), korporativ qarz esa $11,5 mlrdga (+38%) oshdi.
O‘zbekistonning davlat qarzi 2025-yilda $6,6 mlrddan ortiqqa oshib, $46,8 mlrdga yetdi. Uning 85%i tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi, shundan 50%i budjetga yo‘naltirilgan. Asosiy kreditorlar esa xalqaro moliya institutlari bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Spot birinchi chorakda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi kamaygani haqida yozgan edi. Uning YIMdagi ulushi o‘tgan yilgi 24,8% dan 22,9% ga tushdi. Bu asosan qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari hisobiga ro‘y berdi.