Yanvar-mart oylarida 45,2 ming nafar o‘zbekistonlik xonadonlaridagi quyosh fotoelektr panellarida ishlab chiqarilgan energiyani elektr tarmoqlariga yetkazib bergani uchun subsidiya oldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

2025-yilning shu davriga nisbatan subsidiya oluvchilar soni 3,5 baravarga oshgan. Quyoshli xonadon dasturi doirasida to‘lov olganlarning eng ko‘pi mart oyida qayd etildi — 44,7 ming kishi.

Birinchi chorakda dastur bo‘yicha to‘lovlar 73,98 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9 baravardan ko‘proqqa oshdi.

To‘lovlar hajmi bo‘yicha Buxoro viloyati 16,53 mlrd so‘m (mamlakat bo‘yicha umumiy hajmning 22,3%i) bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni 13,29 mlrd so‘m bilan Xorazm viloyati band etdi, biroq mart oyida u 9,37 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan birinchi o‘ringa ko‘tarildi (Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 9,32 mlrd so‘mni tashkil etgan).

Kuchli uchlikni 9,1 mlrd so‘m bilan Qashqadaryo viloyati yakunlab berdi, shundan 4,94 mlrd so‘mi bahorning birinchi oyiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, kuchli beshlikdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,63 mlrd so‘m) va Navoiy viloyati (5,97 mlrd so‘m) ham o‘rin oldi.

O‘tgan yilga nisbatan subsidiyalar o‘sishining eng yuqori sur‘ati ham Buxoro viloyatida kuzatildi — 23,8 baravar. Yuqori o‘sish sur‘atlariga ega boshqa hududlar qatoriga Qashqadaryo (18,9 baravar) va Samarqand (12,5 baravar) viloyatlari kiradi.

2025-yilda 45,3 ming kishi Quyoshli xonadon dasturi bo‘yicha subsidiya olgan. To‘lovlarning umumiy miqdori 209,2 mlrd so‘mni (Markaziy bankning yil boshidagi kursi bo‘yicha 17,427 mln dollar) tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 17 baravar oshgan.

Shavkat Mirziyoyev 2023-yil fevral oyida quyosh fotoelektr panellarini o‘rnatgan xonadonlar uchun subsidiyalar joriy etilishini e‘lon qilgan edi. Fuqarolar o‘z ehtiyojlaridan ortiqcha ishlab chiqarilib, umumiy tarmoqqa uzatilgan har 1 kVt⋅soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan oladi.

2024-yil avgust oyida prezident fotopanellar uchun butlovchi qismlarni import bojlari va QQSdan ozod qilish bo‘yicha topshiriq bergan. O‘shanda ta‘kidlanganidek, bu qadam mahalliy ishlab chiqaruvchilar va importchilar o‘rtasidagi raqobatni yana-da tenglashtirishi kerak.

Spot, avvalroq, 1-maydan tadbirkorlarga quyosh panellari uchun 16% li kredit ajratilishi haqida yozgandi.