2025-yilda “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida 45 381 nafar fuqaroga elektr energiyasini sotgani uchun budjetdan subsidiya ajratildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2023-yilning aprelida boshlangan dasturda aholi xonadonlaridagi quyosh foto panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini umumiy elektr tarmog‘iga yetkazib berish uchun subsidiya to‘lash ko‘zda tutilgan. pullar Soliq ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar bank kartasi egasining bank kartasiga o‘tkaziladi.

Subsidiyalarning umumiy miqdori 209,2 mlrd so‘mni tashkil etdi (Markaziy bankning yil boshidagi kursi bo‘yicha $17,427 mln). Taqqoslash uchun 2024-yil davomida dastur bo‘yicha 12,18 mlrd so‘m yoki 17 baravar kam to‘langan.

O‘tgan yilning so‘nggi choragida dastur ishtirokchilariga budjetdan 55,56 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. Eng yuqori cho‘qqi uchinchi chorakka to‘g‘ri keldi, o‘shanda davlat quyosh energiyasi uchun 90 mlrd so‘mdan sal ko‘proq to‘lagan.

“Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha eng ko‘p to‘lovlar Xorazm viloyatiga to‘g‘ri keldi — 55,4 mlrd so‘m. Ikkinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston (29,12 mlrd so‘m), uchinchi o‘rinni Buxoro viloyati (25,74 mlrd so‘m) egalladi.

Shuningdek, Qashqadaryo (18,16 mlrd so‘m) va Navoiy viloyati (13,46 mlrd so‘m) subsidiyalar bo‘yicha kuchli beshlikka kirdi. Toshkent 13,33 mlrd so‘m bilan oltinchi o‘rinni egalladi.

Dekabr oyida subsidiyalar hajmi bo‘yicha Buxoro (2,26 mlrd so‘m), Xorazm (1,47 mlrd so‘m) va Qashqadaryo (955 mln so‘m) yetakchilik qildi.

Shavkat Mirziyoyev 2023-yil fevral oyida quyosh panellari o‘rnatgan xonadonlar uchun subsidiyalar joriy etilishini e‘lon qildi. Fuqarolar o‘z ehtiyojidan ortiqcha ishlab chiqarilgan va umumiy tarmoqqa uzatilgan 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan haq oladi.

2024-yil avgust oyida prezident fotopanellar uchun butlovchi qismlarni import boji va QQSdan ozod qilish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bu qadam mahalliy ishlab chiqaruvchilar va importchilar o‘rtasidagi raqobatni yana-da tenglashtirishi kerak.

Avvalroq Spot ahvoli og‘ir bo‘lgan 903 ta mahallada 300 kVt quvvatga ega kichik quyosh stansiyalari bepul o‘rnatilishi haqida yozgandi.