2021-yilning 17-iyun kuni Yangi Andijon shaharchasi qurilishiga start berilgandi.

1-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shu yerda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta’minlash choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

So‘nggi besh yilda mamlakatda xonadonlar 1 mln 200 mingtaga, korxonalar soni 260 mingtaga yetgan. Bular elektr energiyasiga bo‘lgan talabni 35%ga oshirdi. Xususan, Andijon, Farg‘ona va Namanganda elektrga talab 40%ga ko‘paygan.

“Bunday sharoitda eng to‘g‘ri yechim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish”, — dedi prezident.

Joriy yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati bor.

Shuningdek, yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, ularni elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi.

Bino va inshootlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi hamda unga $200 mln ajratiladi.

Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatib, budjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi. Shuningdek, ijtimoiy binolardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi qayd etildi.

Energiya resurslarini iqtisod qilish choralari ko‘rsatib o‘tildi. Aholi uchun quyosh energiyasidan foydalanuvchi tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 31-yanvar kuni imzolangan prezident qaroriga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlarga Andijonga 1,1 trln so‘m ajratiladi.

2023-yilda aholiga dehqonchilik uchun yana 10 ming gektar yer tarqatiladi. Mahallalarda sanoatni rivojlantirish uchun 36 ta mikromarkaz tashkil etiladi.

Joriy yilda viloyatda $800 mln.lik 235 ta investitsiya loyihasi yakunlanib, 40 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Aholiga ajratiladigan 10 ming gektarda 75 mingta doimiy va 200 mingta mavsumiy ish joyi ochiladi.

Ishsiz odamlarni kasb-hunarga o‘qitish, mahallalarda ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.