Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishini ta’kidlagandi.

Bu bo‘yicha davlat rahbarining tegishli qarori qabul qilindi hamda hujjat bilan, 2023-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kamida 13 trln so‘m yo‘naltirilishi belgilanmoqda.

Xususan, 1-fevraldan kreditlar dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlarga ajratiladi.

Shu bilan birga, uzoq muddatga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Tadbirkorlarning mahallalarda ishlab chiqarishni, xizmat ko‘rsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yo‘naltirilgan loyihalari uchun hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori amaldagi 225 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha oshiriladi.

Bunda, tashabbuskor loyihada kamida 30% ulush bilan ishtirok etishi lozim.

Dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.

Hokim yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra kredit summasining 10 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi (hunarmandlar uchun 20 mln so‘mgacha) bank kartalariga (naqdlashtirish imkoniyatini cheklagan holda) o‘tkazib beriladi.

1-iyundan aholi va tadbirkorlarga kredit ajratish jarayonida qarz oluvchini ID-kartadagi (biometrik pasportdagi) biometrik ma’lumotlar asosida identifikatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.


Avvalroq, “Oilakredit” platformasi orqali imtiyozli kreditlarga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Kreditlar yillik 14% stavkada jismoniy va yuridik shaxslarga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga belgilangan miqdorlarda ajratiladi.