Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Yangi Andijon shahri qurilishiga start berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar beradi.

Umumiy maydoni 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning 2 ming gektar qismida uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar, sanoat zonalari, xizmat va servis ob’ektlari quriladi. Prezidentning ko‘rsatmasiga muvofiq, yana qariyb shuncha maydonda yashil hudud barpo etiladi.

Yangi shahar loyihasi 8 ta bosqichda amalga oshiriladi. Uning kommunikatsiya tarmoqlarini boshlash uchun joriy yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi. Bunda 33 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 52 kilometr avtomobil yo‘li, 18 kilometr elektr va 27 kilometr gaz tarmoqlari quriladi.

Birinchi bosqichda 3 ming 310 ta kvartirali 170 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli bog‘cha, 200 qatnovli poliklinika quriladi. Shahar qurilishi davrida 10 mingdan ortiq, keyin esa sanoat, savdo, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish sohalarida jami 100 mingga yaqin doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.