“2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2023-yilda umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushiriladi. Xususan:

  • 2 100 MVt — yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari;
  • 1 200 MVt — ijtimoiy soha, xo‘jalik bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari;
  • 550 MVt — tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalari.

Joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilib, 20 mingta ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, jami 11 mingta tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari o‘rnatiladi hamda kichik fotoelektr stansiyalari quriladi.

37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilib, foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlanadi.

Hududlarda 103 ta kichik va mikro gidroelektrstansiyalar barpo etiladi va 5 407 ta ijtimoiy soha obyektlari ko‘mir bilan isitiladi.

1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.

Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Ijtimoiy soha, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha MCHJ shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi.

1-apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25%dan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — 10 yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

  • ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini;
  • qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini;
  • yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini.

1-martdan yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvatdan yuqori bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qo‘shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.

Tadbirkorlar va xorijiy investorlar qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organi va hududiy elektr tarmoqlariga o‘rnatilgan tariflarda, boshqa iste’molchilarga o‘zaro kelishilgan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishi mumin bo‘ladi.

Shuningdek, boshqa shaxslarga tegishli obyektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan 1-martdan “yashil energiya” bank moliya produkti amalga kiritiladi.

1-maydan esa foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50%ida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinadi.

Shu bilan birga, yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi.

Mamlakatdagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50%i ularda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.

Avvalroq, davlat rahbari Toshkentni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda umumiy quvvati 2910,6 MVt bo‘lgan 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Sirdaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Jizzaxda 1 ta IES, 1 ta shamol, 3 ta quyosh va 2 ta GES ishga tushirilib, yagona elektr tarmog‘iga ulanadi.

Davlat rahbari vodiy viloyatiga tashrifi davomida bino va inshootlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etilishi haqida ta’kidlagandi.