Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va Intellektual mulk markazi davlat muassasasi tomonidan Samarqand qog‘ozi geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonun bilan tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayonida balxtut novdalari ma’lum muddat suvda ivitib qo‘yiladi. Undan keyin po‘sti shilinib, po‘stloq ustidagi qo‘pol jigarrang qismi pichoq bilan ajratiladi. Tozalangan sarg‘ish rangli po‘stloqlar qozonda 5−6 soat qaynatiladi va shundan so‘ng ular yog‘ochdan yasalgan o‘g‘irlarda 7−8 soat davomida mayin tolalarga aylangunicha maxsus to‘sinlar orqali tuyib maydalanadi.
Keyingi bosqichda mayin tolasimon po‘stloqlar katta idishga solinib, Siyob suvida aralashtiriladi va to‘rtburchak shakldagi suzg‘ichlardan o‘tkaziladi. Ho‘l qog‘ozlar 8−10 soat davomida taxtakachga bostirib qo‘yiladi, so‘ngra ular birma-bir silliq joyga yopishtiriladi. Yakunida har bir qog‘oz silliq marmar tosh ustiga qo‘yilib, chig‘anoq yoki aqiq toshi bilan silliqlanadi. Shu tarzda Samarqand qog‘ozi tayyor bo‘ladi.
Samarqand qog‘ozidan mahalliy miniatyurachi rassom va kalligraflar, Yaponiyadagi qadimiy yozma bitiklar va nodir asarlarni qayta ta’mirlashda foydalanishadi.
2023-yilning avgust oyida G‘ijduvon shashlik geografik ko‘rsatkich sifatida vazirlik tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Joriy yil boshida uning qatoriga Samarqand noni ham qo‘shildi.
Joriy yilda Xorazm tuxum baragi, Andijon do‘ppisi hamda So‘qoq somsasi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.