Chexiyaning Škoda elektropoyezdlari O‘zbekistonga 2027-yildan boshlab yetkazib beriladi. Bu haqda 3-iyun kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, poyezdlar yetkazib berilgandan so‘ng bosqichma-bosqich bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha reyslar tashkil etiladi, jumladan:
- Termiz-Sariosiyo;
- Urganch-Nukus;
- Toshkent-Guliston-Bekobod;
- Toshkent-Boyto‘rg‘on;
- Qo‘qon-Pop-Namangan-Andijon-Marg‘ilon-Qo‘qon;
- Samarqand-Qarshi-Shahrisabz;
- Toshkent-Angren;
- Toshkent-Xojikent-Chinorkent.
“Shu tariqa, viloyat markazlari aglomeratsiyalar va sayyohlik markazlari bilan bog‘lanadi. Bundan tashqari, yana 10 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha boshqa nufuzli kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Transport vaziri.
5-may kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida Spot’ga bergan intervyusida Škoda Group bilan tuzilgan shartnomaning asosiy shartlaridan biri ishlab chiqarishni 20% gacha mahalliylashtirish ekanini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab Chexiya kompaniyasi soatiga 120 km gacha tezlikda harakatlanadigan elektropoyezdlarni taklif qilgan, biroq O‘zbekistonning talabi bilan bu ko‘rsatkich soatiga 160 km gacha oshirilgan. Yangi poyezdlardan shaharlararo yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilmoqda.
30-aprel kuni O‘zbekiston temir yo‘llari va Škoda Group O‘zbekistonga elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Chexiya kompaniyasi O‘zbekistonga 10 ta elektropoyezd yetkazib beradi. Qiymati 120 mln yevro bo‘lgan loyiha qo‘shma korxona tashkil etish va Škoda akademiyasini ochishni ham o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yo‘lovchilarning 30%i taqchillik sabab poyezd chiptalarini sotib ololmayotgani haqida yozgandi.