O‘zbekistonda har uch yo‘lovchidan biri poyezd chiptasini xarid qila olmayapti. Bu haqda 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.
Vazir temir yo‘l transporti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, tizimli muammolar va kamchiliklar saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yo‘lovchi poyezdlari tarkibini to‘ldirish uchun 120 ta vagonga ehtiyoj mavjud.
“Aholi tomonidan tez-tez ko‘tariladigan muammolardan biri — harakat tarkibining yetishmasligi. Ma’nan eskirgan vagonlarning xizmat ko‘rsatishi va ulardagi salbiy sanitar holatlar, yuqori tezlikdagi poyezdlarga talab yuqoriligi sababli chipta yetishmovchiligi mavjud. Tahlillarga ko‘ra, chipta xarid qilish istagini bildirgan fuqarolarning kamida 30%i defitsit sabab chipta xarid qilish imkoniyatiga ega emas”, — dedi Mahkamov.
Shu bilan birga, transport vaziri qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar qatnovini tashkil etish uchun yo‘l infratuzilmasi yetishmasligi muammosi ham mavjud ekanligini qayd etdi.
Bundan tashqari, hozirgi vaqtda Toshkent-Samarqand yo‘nalishi eng tirband qatnovga ega temir yo‘l uchastkasi bo‘lib, bu yerda yuk va yo‘lovchi poyezdlari harakati maksimal darajada tashkil etilgan. Shu sababli qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘yishda muntazam qiyinchiliklar vujudga kelmoqda.
Mahkamov mamlakatning ayrim hududlarida shahar atrofi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilmagani hamda temir yo‘l vokzallarida yo‘lovchilar uchun taklif etiladigan servis xizmatlari sifati ham yetarli darajada emasligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li Xivagacha uzaytirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.