Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, iqtisodiyot, sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlik hamda diplomatik kadrlarni tayyorlash yo‘nalishlarida kelishuvlar imzolandi.

Bundan tashqari, metrologiya laboratoriyasini birgalikda loyihalashtirish va tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu sohadagi ilmiy-innovatsion hamkorlik bo‘yicha hujjatlar qabul qilindi.

Geologiya sohasidagi hamkorlik, elektropoyezdlarni yetkazib berish hamda boshqa ikki tomonlama kelishuvlarni imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmati tomonidan e‘lon qilingan fotosuratlarga ko‘ra, hujjatlarni imzolash marosimida O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov, shuningdek, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (O‘zstandart) direktori Akmal Jumanazarov ishtirok etdi.

O‘z navbatida, Chexiya tomonidan O‘zbekiston temir yo‘llari bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni Škoda Group bosh direktori — Petr Novotny imzoladi.

2023-yili qabul qilingan prezident qarori bilan 2023−2026-yillarda Janubiy Koreya va Chexiyadan O‘zbekistonga elektropoyezdlar xarid qilish belgilangandi. Bunda Chexiyaning Skoda Transportation kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish reja qilingan.

O‘tgan yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev Bryusselda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazgan edi. Uchrashuvda Škoda Group bosh direktori Petr Novotniy kompaniya O‘zbekistonda temir yo‘l transporti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari bilan bo‘lishgandi.


Spot, avvalroq, Toshkent va Praga o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni qayta tiklash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.