Viza Lab xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Viza Lab‘ga O‘zbekistondan tashqarida ish izlayotgan fuqarolarni ishga joylashtirish faoliyatini amalga oshirish uchun 2025-yil 29-iyulda berilgan 926213-sonli litsenziya tugatildi.
Qayd etilishicha, litsenziya agentlikning 2026-yil 29-maydagi 2766728-sonli arizasi asosida bekor qilingan.
“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonun ga muvofiq, litsenziya tugatilganidan so‘ng korxonaga fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanadi.
Migratsiya agentligi fuqarolardan Viza Lab faoliyati bilan bog‘liq murojaat yoki shikoyatlari mavjud bo‘lsa, ularni 3-iyulgacha taqdim etishni so‘radi.
Murojaatlar uchun telefonlar — 71 202−33−55, qisqa raqamlar — 171 va 711.
Aprel oyida Migratsiya agentligi NPS Personal firmasining xorijda ishga joylashtirish litsenziyasini bekor qilgandi.
Spot, avvalroq, Termizda mehnat migrantlari uchun yagona migratsiya markazi ochilgani haqida yozgandi.