Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston fond bozorida valyuta obligatsiyalarining muomalasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Toshkent fond birjasi matbuot xizmati hujjatning asosiy bandlarini e‘lon qildi.
Adliya vazirligi tomonidan 29-aprel kuni ro‘yxatga olingan buyruq xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirishni tartibga soladi. Bu bosqichdagi barcha amallar kapital bozori sohasidagi “tartibga solish qumdoni” doirasida amalga oshiriladi.
Hujjatga ko‘ra, valyuta obligatsiyalari deganda nominal qiymati va kupon daromadi xorijiy valyutada ifodalangan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar tushuniladi. Nominal qiymati xorijiy valyutaning kamida bir birligini (dollar, yevro va h.k.) tashkil etishi kerak.
Valyuta obligatsiyalari chiqarilishining maksimal hajmi $50 mlnni tashkil etadi. Bundan tashqari, bir emitentning ayni vaqtda muomalada bo‘lgan obligatsiyalari qiymati bu summadan oshmasligi lozim.
Valyuta obligatsiyalarini chiqarish va muomalaga kiritishda faqat “qumdon” ishtirokchisi maqomiga ega bo‘lgan emitentlar, investitsiya vositachilari va agent banklar ishtirok etishi mumkin. Bunda obligatsiyalar emissiyasi uchun maxsus maqsadli kompaniyalardan (SPV) foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
Valyutali qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha kupon daromadi ularning nominal qiymatiga nisbatan foiz hisobida belgilanadi. Emitentlar obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish va daromadlarni to‘lash uchun zarur miqdorda valyuta sotib olish huquqini oladi (Bunga qadar Markaziy bank valyuta operatsiyalari qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan edi — Spot).
Nizomda ta‘minlanmagan va ta‘minlangan obligatsiyalarni joylashtirish nazarda tutilgan. Ta‘minlanmagan obligatsiyalarni chiqarishga emitentning o‘z kapitali doirasida ruxsat beriladi, bu miqdordan oshib ketganda esa, kompaniya chegaradan yuqori qismi uchun ta‘minot taqdim etishi shart.
Bu talabdan “yuqori kredit reytingiga ega alohida banklar” uchun istisno ko‘zda tutilgan.
Obligatsiyalar bo‘yicha ta‘minot sifatida ko‘chmas mulk, pul mablag‘lari, bank kafolatlari yoki sug‘urta polisi xizmat qilishi mumkin. Ko‘chmas mulk obyektlari bozor narxida majburiy baholanishi lozim va ta‘minot uchun ularning baholangan qiymatining 75% idan ko‘p bo‘lmagan qismi qabul qilinadi, bunda ularning ta‘minotdagi ulushi 50% dan oshmasligi kerak.
Valyuta obligatsiyalarini joylashtirish fond birjasi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. U amalga oshgan deb topilishi uchun ochiq obuna orqali emitent rejalashtirilgan hajmning kamida 50% ini, yopiq obunada esa 100% ini xaridorlarga joylashtirishi lozim.
Valyuta obligatsiyalarining oldi-sotdisi ham fond birjasining savdo maydonchasida uning qoidalariga asosan o‘tkaziladi. Birjadan tashqari bitimlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda yozma ravishda rasmiylashtiriladi.
Emitent va investitsiya vositachisi o‘rtasida valyuta obligatsiyalarini joylashtirish to‘g‘risida tuziladigan shartnomada vositachining market-meyker vazifalarini bajarish majburiyati nazarda tutiladi.
Shuningdek, valyuta obligatsiyalarini chiqarishda bir qator moliyaviy shartlar (kovenantlar) belgilanadi. Emitent emissiya risolasida quyidagi mezonlarga javob berishi shart:
- qarz yuki koeffitsiyenti (barcha kreditlar bo‘yicha to‘lovlar summasining o‘rtacha daromadga nisbati) — 6 dan ko‘p bo‘lmasligi;
- qarzga xizmat ko‘rsatish koeffitsiyenti — 1,1 dan kam bo‘lmasligi;
- joriy likvidlik koeffitsiyenti — 1,2 dan kam bo‘lmasligi;
- obligatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarda texnik defoltga yo‘l qo‘ymaslik.
Jismoniy shaxslar valyuta obligatsiyalarini faqat bank tizimi orqali — investitsiya vositachisining hisobvarag‘iga naqd pul kirim qilish yoki o‘z bank hisobvarag‘idan o‘tkazma yo‘li bilan sotib olishi mumkin bo‘ladi. Investitsiya vositachilariga naqd pulni bevosita qabul qilish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, nizom investorlar uchun shaffoflik va prognozlilikning asosiy kafolatlarini shakllantiradi. Unda emitentning moliyaviy holati va jalb etilgan mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga doir talablar, shuningdek, regulyator va obligatsiya egalarining chiqarish shartlari buzilishiga nisbatan choralar ko‘rish mexanizmlari belgilanadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston so‘mda $1 mlrdlik xalqaro obligatsiyalarni joylashtirgani haqida yozgandi.