Markaziy bank O‘zbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, endilikda qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan qat‘i nazar, barcha bank hisobvaraqlari orqali jismoniy shaxslar bir-biriga shaxsiy maqsadlarda (nosavdo) pul o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, xorijlik jismoniy shaxslarga ham mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ qo‘shish, xayriya qilish hamda meros bilan bog‘liq ichki valyuta operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Yuridik shaxslar chet el valyutasida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun valyuta sotib olayotganda ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi. Bunda qimmatli qog‘oz chiqarilganini tasdiqlovchi hujjatning o‘zi yetarli bo‘ladi.
Xorijiy investorlar fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan mablag‘larini o‘z murojaati asosida erkin ravishda chet elga olib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Barcha valyuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn operatsiyalar yagona tizimda hisobga olinadi.
Shu bilan birga, yuridik shaxslar tomonidan valyuta sotib olish uchun berilgan buyurtmalarda kichik xatolar bo‘lsa, ularni tuzatish imkoniyati yaratiladi.
Bank kassalaridan naqd chet el valyutasini berish tartibi ham aniq belgilandi. Jismoniy shaxslar o‘z hisobvarag‘idagi mablag‘lari doirasida valyutani cheklovsiz olishi mumkin.
Yuridik shaxslarga esa naqd valyuta faqat aniq belgilangan maqsadlar asosida beriladi.
Mart oyida Markaziy bank jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan qaror loyihasida banklardan $500 gacha valyutani pasportsiz sotib olishga ruxsat berilishi haqida so‘z borgandi.
Oy oxiriga kelib Markaziy bank hisobvaraqlar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarining yangi usulini ishga tushirgandi. Bunda Account-to-Account xizmati orqali jismoniy shaxslar bir bank hisobidan boshqa bank hisobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazishi mumkin.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi tafovut $2,9 mlrdga yetgani haqida yozgandi.