2026-yilning birinchi choragida ichki bozorda xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy taklif talabga nisbatan biroz yuqori o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.
Bunda talab $14,6 mlrdga (2025-yilning mos davriga nisbatan o‘sish 24%), regulyator valyuta operatsiyalarisiz taklif hajmi esa $12,2 mlrdga (+27%) yetdi.
Yuridik shaxslarning valyutaga bo‘lgan talabi o‘sishi taklifdan sezilarli yuqori shakllandi: talab 23% ga, taklif esa 11% ga oshgan. Xo‘jalik yurituvchilarning eksport tushumlari hisobiga shakllanadigan valyuta taklifi bu davrda 19% ga o‘sib, $4,2 mlrdni tashkil etdi. Eksport tushumlarining $2,2 mlrdi yoki 52%i ichki valyuta bozorida sotildi (+5%).
Yanvar-mart oylarida banklar ichki bozorga $2,3 mlrdlik valyuta mablag‘larini xorijiy kreditlar hisobidan sotdi, O‘sish oldingi yilning mos davriga nisbatan 65% ga yuqori bo‘ldi.
Importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki bozorda sotib olingan mablag‘lar ulushi 66,3% ni (2025-yilning mos davrida — 60,7%), xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 22% ni tashkil etdi (2025-yilning mos davrida — 25,6%).
Sotib olingan xorijiy valyutaning asosiy qismi — 47% i ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 29%i — xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘ndirish, 20%i — xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 1%i — xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 3%i — boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.
Markaziy bank jismoniy shaxslarning banklar bilan amalga oshirgan operatsiyalarining ijobiy saldosi qo‘shimcha taklifga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Aholi tomonidan banklarga $6 mlrd sotilgan bo‘lib, ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga oshdi. Ular tomonidan sotib olingan xorijiy valyuta hajmi $3,2 mlrdni tashkil etdi (o‘sish 31%). Natijada taklif va talab o‘rtasidagi ijobiy saldo $2,9 mlrdga teng bo‘ldi (+1,8 barobar).
Mazkur davrda aholining banklarga valyuta sotuvining asosiy manbai xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $3,8 mlrd kirib kelgani bo‘ldi.
Avvalroq Spot banklardan $500 gacha valyutani pasportsiz sotib olishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgan edi.