Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari oshdi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.
2026-yilning yanvar-mart oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga jami $3,79 mlrd miqdorida valyuta mablag‘lari kelib tushdi. Ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 13% yoki $433 mlnga ko‘p.
Yil boshida transfertlarning oylik hajmi $1,23 mlrdni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida biroz pasayish kuzatildi. Biroq martga kelib o‘tkazmalar yana o‘sish trendiga qaytib, $1,34 mlrdga yetdi.

Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan $604 mln miqdorida valyuta mablag‘lari chiqib ketgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan $39 mlnga kamdir.
2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 27,2% ga oshib, $18,9 mlrdni tashkil etdi. Bunga asosan rubl kursining mustahkamlanishi va migrantlar oqimining ko‘payishi ta’sir qildi.
Oylik kesimda yil davomida o‘tkazmalar hajmi deyarli barcha oylar bo‘yicha oldingi yilga nisbatan yuqori darajada shakllandi. Shu bilan birga, noyabrda transfertlarning oylik miqdori ($1,48 mlrd) keskin qisqargan bo‘lsa, dekabrga kelib biroz o‘sish kuzatildi — $1,59 mlrd.
Bundan tashqari, to‘rtinchi chorakda O‘zbekistonga Rossiya va Osiyodan pul o‘tkazmalari hajmi oshdi. Bu mintaqalardan yuborilgan pul o‘tkazmalarining mos ravishda 43% va 39% ga oshishi umumiy transfertlar hajmi o‘sishining asosiy omillaridan biri bo‘ldi.
Avvalroq Spot Markaziy bank hisobvaraqlar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarining yangi usulini ishga tushirgani haqida yozgan edi. Account-to-Account xizmati orqali jismoniy shaxslar bir bank hisobidan boshqa bank hisobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazishi mumkin.