Rossiya, ikki o‘zbekistonlik va manti — bu uch tushuncha bir qarashda bog‘lanmagandek tuyuladi. Ularni nima bog‘laydi? Spot bu safar shu savol ortidagi biznes haqida hikoya qiladi.

Hammasi Farruh Irgashev va Sharif Abdullayev ning (Konsta) Rossiyada tanishib qolishi bilan boshlangan. Ular bir muddat xorijda yonma-yon faoliyat yuritib, keyinchalik turli yo‘llardan ketishadi. Oradan vaqt o‘tib, 2024-yilda yana birlashib, Mant.uz loyihasini yo‘lga qo‘yishga qaror qilishadi.

Aslida loyiha g‘oyasi bundan ikki yil avval — 2022-yilda, Rossiyadan kelayotgan sayyohlar soni oshgan paytda paydo bo‘lgan. Toshkentdagi mantixonalarni kuzatgan muassislar manti mashhur taom bo‘lsa-da, unga ixtisoslashgan zamonaviy maskanlar kamligini payqashadi. “Nega manti uchun alohida joy yo‘q?”, degan savol ularni bu biznesga $38−40 ming miqdorida dastlabki sarmoya bilan boshlanishiga turtki bo‘ladi.

To‘qqiz oy davom etgan tayyorgarlik, sinov va hisob-kitoblardan so‘ng Mant.uz ishga tushiriladi va qisqa vaqt ichida o‘z mijozlarini topa boshlaydi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:


Mant.uz qanday paydo bo‘lgan?

Mant.uz shunchaki katta strategik reja mahsuli emas, balki hayotiy ehtiyoj va tasodifiy suhbat natijasida yuzaga kelgan biznesdir.

Hammasi 2022-yilda, yurtimizga rossiyalik sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshgan davrda boshlangan. O‘sha paytda rossiyalik do‘stim Georgiy bilan Toshkentdagi mantixonalarni aylanib yurib, bir muhim jihatni payqadik: O‘rta Osiyo taomlari orasida manti eng mashhurlaridan biri bo‘lsa-da, aynan shu yo‘nalishga ixtisoslashgan, zamonaviy va professional xizmat ko‘rsatadigan maskanlar deyarli yo‘q edi.

Shunda Georgiy: “Nega aynan manti tayyorlaydigan alohida, zamonaviy joy yo‘q?” degan savolni o‘rtaga tashladi. Aynan shu oddiy savol keyinchalik biznesimiz g‘oyasiga asos bo‘ldi.

Bu jarayonda Moskvadagi o‘qish davrimda restoran sohasining “ichki oshxonasi” bilan yaqindan tanishganim, shuningdek, muhandis-konstruktorlik bilimlarim ham qo‘l keldi. Natijada biz bu loyihaga oddiy ovqatlanish joyi sifatida emas, balki aniq tizim asosida ishlaydigan professional model sifatida yondashishga qaror qildik.

Shundan so‘ng to‘qqiz oy davomida barcha jarayonlarni — moliyaviy hisob-kitoblardan tortib, texnik uskunalargacha puxta o‘rganib chiqdik.

Ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol — biznesni boshlash uchun qancha mablag‘ sarflangan?

Bizning holatimizda birinchi filialni ochishga o‘rtacha $38−40 ming atrofida sarmoya ketgan.

Ochiq aytish kerak, bu summa aslida biroz yuqoriroq chiqib ketgan. Buning asosiy sababi — o‘sha paytdagi tajribasizligimiz. Biznesni endi boshlayotgan davrda ko‘p jarayonlarni to‘liq tushunib yetmagandik: ayrim texnik uskunalar oylar davomida kutilgan, qayerdadir ortiqcha to‘lovlar qilingan, qurilish ishlari esa rejalashtirganimizdan ancha cho‘zilgan.

farruh irgashev, konsta, mant.uz, sharif abdullayev

2015-yil. Chapda Farruh Irgashev, o‘ngda Sharif Abdullayev. Foto: Farruh Ergashovning shaxsiy arxividan

Lekin bu katta maktab bo‘ldi. Birinchi filialdagi xatolarni tahlil qilganimizdan so‘ng, ikkinchi nuqtani ochishda ancha pul va vaqtni tejashga erishdik. Bugun shuni ayta olamanki, manti biznesini bundan kamroq summa bilan ham boshlash mumkin, faqat buning uchun qaysi tugmani bosishni va resurslarni qayerga yo‘naltirishni aniq bilish kerak.

Biznesning ilk kunlarida savdo qanday bo‘lgan?

Birinchi ish kunimizdayoq taxminan 120 ta manti sotishga erishdik.

Eng qizig‘i, u paytda hali na Instagram-sahifamiz, na biror pullik reklama kampaniyamiz bor edi. Muvaffaqiyatning siri esa juda oddiy bo‘lgan: uzoq davom etgan ta’mirlash jarayonini qiziqish bilan kuzatib yurgan qo‘shni binolardagi odamlar ochilishimiz bilan birin-ketin kirishni boshlashgan.

Tushlikda kelib tatib ko‘rgan mijozlar esa kechqurun yana qaytib kelib, oilasi uchun manti olib ketishgan.

Shu tariqa o‘sish butunlay tabiiy ravishda, hech qanday sun’iy marketinglarsiz, eng ishonchli model — “mijoz mijozni olib keladi” tamoyili asosida boshlangan. Bu esa mahsulot ta’mi va sifati to‘g‘ri yo‘lda ekanining ilk kuchli signali bo‘lgan.

Bir oyda bu biznes bilan qancha daromad topsa bo‘ladi?

Hozirgi kunda ikkita filialimizning umumiy oylik aylanmasi 600−700 mln so‘mni tashkil etmoqda. Biznesning rentabelligi esa 20% dan 25% gacha. Bu ko‘rsatkich mavsumga va xomashyo narxlariga qarab o‘zgarib turadi.

Bizga bir paytlar “bitta filialdan maksimal foyda olishga urinmang, yaxshi ishlayotgan modelni ko‘paytiring” degan maslahat berishgan. Shu sababli daromadni oshirish strategiyamizni aynan filiallar sonini kengaytirishga qaratdik.

Mantilarning tarkibi haqida ham gaplashsak. Ularni tayyorlashda nimalarga e’tibor berasizlar?

Aslida bu yerda hech qanday “sirli retsept” yo‘q. Bizning asosiy tamoyilimiz — sifatli masalliqlardan foydalanish.

Bozorda muzlatilgan va yangi so‘yilgan go‘sht narxi o‘rtasida o‘rtacha 2,5 baravar farq bor. Ko‘pchilik xarajatni kamaytirish uchun arzonroq variantni tanlashi mumkin, lekin biz sifat masalasida murosaga bormaymiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Yana bir muhim jihat shuki, biz an’anaviy, o‘ta yog‘li manti konsepsiyasidan biroz voz kechib, tarkibidagi yog‘ miqdorini kamaytirdik. To‘g‘risi, boshida “manti sersuv chiqmaydi, mijozlar kamayib ketadi” degan xavotir ham bo‘lgan.

Lekin natija buning teskarisini ko‘rsatdi. Aksincha, tabiiylik va sog‘lom ovqatlanishga e’tibor beradigan mijozlar soni sezilarli darajada oshdi.

Bu esa bizga muhim bir saboq berdi: o‘z prinsiplaringizni biznesga olib kirishdan qo‘rqmaslik kerak. Agar siz o‘z mahsulotingizga chin dildan ishonsangiz, bozor buni albatta qadrlaydi va munosib javob beradi.

Manti pishganda me’yoridan ortiq yog‘li bo‘lib ketmasligi uchun go‘sht tozalanishini aytdingiz. Lekin bu jarayonda go‘shtning katta qismi chiqindiga aylanib ketmaydimi?

To‘g‘ri, go‘shtni tozalashda sezilarli darajada chiqim bo‘ladi: mol go‘shtidan o‘rtacha 15%, qo‘y go‘shtidan esa yog‘ va paylari ko‘pligi sababli 50−55% gacha chiqindi chiqishi mumkin.

Biroq biz bu masalaga to‘liq iqtisodiy yondashamiz. Mol go‘shtidan ajratilgan ortiqcha qismlar qiyma yoki farsh tayyorlashda qayta ishlatiladi. Qo‘y go‘shtidan ajratilgan qismlar esa o‘ziga xos hid sabab asosiy menyuga kiritilmaydi.

Nega aynan bu nom?

To‘g‘risi, bu nom ortida hech qanday murakkab falsafa yo‘q. Uzoq vaqt davomida turli nomlar ustida bosh qotirganmiz: Manti House, Mantishki va yana bir nechta nomlar ko‘rib chiqildi.

Biroq yakuniy qaror kutilmagan tasodif natijasida shakllangan. Bir kuni narda o‘ynab o‘tirganimizda, narda g‘ilofiga Nardi emas, oddiygina Nard deb yozilganiga ko‘zim tushgan. Shunda g‘oya paydo bo‘ldi: nega manti so‘zining oxirgi harfini olib tashlamaymiz?

Shu tariqa Mant nomi tug‘ilgan — qisqa, lo‘nda va esda qolarli.

Keyinchalik Instagram’da Manti uygurcha kabi nomlar band bo‘lgani sababli, akkauntimizni Mant.uz, deb ochdik. Bu nom brendimizga shunchalik mos tushdiki, qisqa vaqt ichida odamlar tiliga tushgan.

Hozirda nechta filial bor va jamoangiz qanchalik katta?

Bugungi kunda bizning ikkita filialimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Birinchisi, 2024-yil ochilgan bosh nuqtamiz bo‘lsa, ikkinchisi yaqinda, taxminan 3−4 oy oldin ochilgan yangi filialimiz. Jamoamizga kelsak, yangi nuqtada 6 nafar, birinchi filialimizda esa 12 nafar, jami 18 nafar xodim mehnat qilmoqda.

farruh irgashev, konsta, mant.uz, sharif abdullayev

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Kunlik mijozlar oqimi haqida ham gaplashsak. O‘rtacha nechta buyurtma qabul qilinadi?

Filiallarimizda mijozlar oqimi turlicha. Yangi ochilgan nuqtamizga kuniga o‘rtacha 60−80 nafar mijoz tashrif buyuradi. Birinchi filialimiz ancha tanilib ulgurgani uchun u yerda ko‘rsatkichlar yuqoriroq — kuniga 110 tagacha buyurtma qabul qilamiz. Bu raqamlarga nafaqat zalimizga keluvchilar, balki “o‘zi bilan olib ketish” xizmatidan foydalanuvchilar ham kiradi.

Nega filiallarida oshxona maydoni zaldan kattaroq?

Bu ish uslubimiz va zamonaviy bozor talabidan kelib chiqqan strategik qaror. Odatda restoranlarda mijozlar o‘tiradigan joyga urg‘u berilsa, bizda yondashuv biroz boshqacha.

Birinchi filialimizni ochganimizda bitta muhim haqiqatni tushunib yetdik: savdo hajmining asosiy qismi “o‘zi bilan olib ketish” va yetkazib berish formatiga to‘g‘ri keladi.

Manti tayyorlash va qadoqlash jarayoni o‘ziga xos mehnat talab qiladigan taom. Uni sifatli qadoqlash, tartib bilan joylash, brend belgilarini yopishtirish va issiqlikni saqlash uchun folga bilan o‘rash uchun keng ish maydoni zarur.

Oshxona jihozlari va texnikalarni qayerdan sotib olgan ma’qul? Xitoydan olib kelish arzonroq tushadimi?

Bu qiziqarli tajriba bo‘lgan. Birinchi filialda ko‘p narsani chetdan olib kelgan bo‘lsak, ikkinchi filial uchun asosiy texnikalar muzlatkichlar, ishchi stollarini O‘zbekistonning o‘zidan sotib oldik.

Oshxonada gigiyena va sanitariya talablari birinchi o‘rinda turadi, shuning uchun zanglamas po‘lat ishlatamiz. Bu material tozalashga juda qulay va uzoq xizmat qiladi.

Narxlarga kelsak, sifatli metall jihozlar arzon turmaydi. Masalan, bitta professional yig‘ish stoli taxminan $800, turli javon va shkaflar esa $400−500 atrofida tushgan. Biz bularni sarmoya sifatida ko‘ramiz, chunki, sifatli uskunada ish jarayoni ham tezroq va xavfsizroq bo‘ladi.

Sababi, sertifikatlashtirish, uzoq yo‘l va logistika xarajatlarini hisoblaganda, Xitoydan kichik miqdorda yuk olib kelish mahalliy narxlar bilan deyarli bir xil bo‘lib qolar ekan. Agar katta zavod ochmayotgan bo‘lsangiz, mahalliy bozordan tayyorini olish ham vaqtdan, ham asabdan yutish imkonini beradi.

Reklama masalasiga to‘xtalsak. Bu ish bilan Sharif akaning (Konsta) o‘zi shug‘ullanadimi? Marketing uchun qancha mablag‘ sarflaysizlar?

Marketing xarajatlari uchun umumiy aylanmaning 5% idan oshmagan miqdorda mablag‘ ajratamiz. Blogerlar bilan ishlashda esa asosan pul ko‘rinishida emas, balki barter asosida hamkorlik qilamiz.

Sharif bilan bu masalada doimiy maslahatlashib turamiz, yangi g‘oyalarni birgalikda shakllantiramiz.

farruh irgashev, konsta, mant.uz, sharif abdullayev

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Biznesingizni boshlaganingizdan beri qanday xatolarga yo‘l qo‘ygansiz? Bo‘lajak tadbirkorlar takrorlamasligi uchun eng muhim uchta jihatni sanab bersangiz.

Biz ham hali o‘rganish jarayonidamiz, lekin tajribamdan kelib chiqib quyidagi uchta jihatni asosiy deb bilaman:

  • eng avvalo: “Nima sotmoqchiman va mahsulotim meni raqobatchilardan qanday ajratib turadi?”, degan savolga aniq javob bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik bunga javob topmasdan ish boshlaydi. “Nega mijoz qo‘shnimdan emas, aynan mendan sotib olishi kerak?”, degan savolga javob topish birinchi galdagi vazifa;
  • mahsulotingizning turi, narxi va maqsadli auditoriyangizdan kelib chiqib joy tanlash juda muhim. Joylashuv noto‘g‘ri bo‘lsa, mahsulotingiz qanchalik yaxshi bo‘lmasin, kutilgan natijani bermasligi mumkin;
  • moliyaviy “mustahkamlik zaxirasi” bo‘lishi shart. Agar hisob-kitobingiz to‘g‘ri bo‘lsa, qiyin davrlarda ham sifatni tushirmay, o‘z konsepsiyangizni saqlab qola olasiz.