Chexiya O‘zbekistonga elektropoyezdlarni kelasi yilda yetkazib beradi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat Chexiya, balki dunyoning eng yetakchi temir yo‘l poyezdini ishlab chiqaruvchi Škoda Group kompaniyasi bilan O‘zbekiston temir yo‘llari o‘rtasida imzolangan shartnoma dunyo standartlariga javob beruvchi 10 ta elektropoyezd xarid qilishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, kelishuv doirasida O‘zbekiston hududida Škoda poyezdlarini mahallashtirish hamda qisman ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
“Menimcha, bu juda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun Škoda dunyodagi eng mashhur kompaniyalardan biri hisoblanadi. Albatta, O‘zbekiston temir yo‘llari uchun bu g‘ururli ish bo‘lyapti. Prezident qarori bilan ushbu 10 ta elektropoyezd 2027-yilda O‘zbekistonga kirib kelishi kerak”, — dedi u.
Škoda Group kompaniyasining ma’lum qilishicha, 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish loyihasining qiymati 120 mln yevroni tashkil etadi. Kelishuv ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bilan birga, xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shma korxona tashkil etish hamda yangi Škoda akademiyasini ochishni o‘z ichiga oladi. Bu orqali kelajakda mahalliy hamkorlar texnik xizmat ko‘rsatishni to‘liq mustaqil amalga oshirishlari uchun tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, 10 ta mintaqaviy elektropoyezd 1520 mm izga mo‘ljallangan bo‘lib, Latviya va Estoniyadagi ishlab chiqarish quvvatlari ishtirokida Škoda platformalarida ishlab chiqarilgan.
Loyiha Yevropa Ittifoqining Global Gateway strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda va Chexiya hukumati, Yevropa komissiyasi, Yevropa parlamenti, Yevropa investitsiya banki hamda Chexiya eksportni kafolatlash va sug‘urtalash kompaniyasi (EGAP) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
2023-yili qabul qilingan prezident qarori bilan 2023−2026-yillarda Janubiy Koreya va Chexiyadan O‘zbekistonga elektropoyezdlar xarid qilish belgilangandi. Bunda Chexiyaning Skoda Transportation kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish reja qilingan.
O‘tgan yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev Bryusselda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazgan edi. Uchrashuvda Škoda Group bosh direktori Petr Novotniy kompaniya O‘zbekistonda temir yo‘l transporti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari bilan bo‘lishgandi.
Avvalroq Spot 300 km/soat tezlikda harakatlanuvchi Toshkent-Samarqand tezyurar temiryo‘li uchun TIA ishlab chiqilgani haqida yozgan edi.
