Avvalroq Spot O‘zbekiston temir yo‘llari va Škoda Group o‘rtasida O‘zbekistonga elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida yozgandi.

Škoda Group O‘zbekistonga 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha strategik shartnoma imzolanganini ma’lum qildi.

Loyiha qiymati 120 mln yevroni tashkil etadi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shma korxona tashkil etish, shuningdek, yangi Škoda akademiyasini ochishni o‘z ichiga oladi.

Hujjat Toshkentda Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ishtirokida imzolandi.

“Ushbu loyiha hukumatlar, O‘zbekiston temir yo‘llari va Škoda Group o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik natijasidir. Biz ilg‘or texnologiyalarimiz bilan o‘rtoqlashishga va zamonaviy samarali mobillik talablariga javob beradigan yechimni taklif etishga tayyormiz”, — dedi Škoda Group bosh direktori Petr Novotniy.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 10 ta mintaqaviy elektropoyezd 1520 mm izga mo‘ljallangan bo‘lib, Latviya va Estoniyadagi ishlab chiqarish quvvatlari ishtirokida Škoda platformalarida ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, yangi qo‘shma korxona va Škoda Academy orqali kelajakda mahalliy hamkorlar texnik xizmat ko‘rsatishni to‘liq mustaqil amalga oshirishlari uchun tajriba almashish ko‘zda tutilgan.

Loyiha Yevropa Ittifoqining Global Gateway strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda va Chexiya hukumati, Yevropa komissiyasi, Yevropa parlamenti, Yevropa investitsiya banki hamda Chexiya eksportni kafolatlash va sug‘urtalash kompaniyasi (EGAP) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

2025-yilning kuzida Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi O‘zbekistonda temir yo‘l transportini yig‘ish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish rejalari ma’lum bo‘ldi.

Qo‘shma korxona transportga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bilan shug‘ullanadi, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash uchun akademiya tashkil etadi.


Avvalroq Spot 3-maydan Toshkent-Xiva yo‘nalishida Jaloliddin Manguberdi poyezdi qatnay boshlashi haqida yozgandi.