O‘zbekiston temir yo‘llari Toshkent-Xiva-Toshkent yo‘nalishida Jaloliddin Manguberdi yuqori tezlikdagi elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yadi.
Poyezd Toshkent Markaziy vokzalidan soat 07:00 da jo‘nab, Xivaga 14:31 da yetib boradi. Xivadan esa 07:20 da yo‘lga chiqib, Toshkentga 14:51 da yetib keladi.
Qatnovlar haftasiga uch marta amalga oshiriladi: Toshkentdan seshanba, payshanba va shanba kunlari, Xivadan esa chorshanba, juma va yakshanba kunlari.
Ilk reys 3-may kuni Toshkentdan, 4-may kuni esa Xivadan amalga oshiriladi.
Ayni vaqtda eticket.railway.uz saytida poyezd Toshkentdan 8:20 da jo‘nab, Xivaga 16:00 da yetib borishi ko‘rinmoqda. Xivadan esa 7:20 da jo‘nab, poytaxtga 15:06 da kelishi belgilangan.


Ekonom klass uchun chipta narxi 780 ming so‘mni tashkil etadi.
Hyundai Rotem poyezdi
10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem poyezdlarining birinchi partiyasi jo‘natildi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Temiryo‘lekspress matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) ko‘zda tutilgan.
Dekabr oyi oxirida mazkur tezyurar poyezdlar O‘zbekistonga multimodal yo‘l bilan yetkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgandi.
Joriy yilning fevralida tarmoqlarda Hyundai Rotem poyezdlari O‘zbekistonda texnik sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
18-mart kuni Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga Samarqanddan Narpay tumaniga yangi Hyundai Rotem poyezdida borgandi.
Spot, avvalroq, 300 km/soat tezlikda harakatlanuvchi Toshkent-Samarqand tezyurar temiryo‘li uchun TIA ishlab chiqilgani haqida yozgandi.

