Aprel oyida O‘zbekistonda iste‘mol narxlari 0,6% ga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi o‘z hisobotida ma‘lum qildi.

Oylik inflyatsiya ketma-ket uchinchi oy bir xil darajada saqlanib qolmoqda va 2025-yil apreliga nisbatan biroz pasaygan (-0,1%). Dastlabki to‘rt oyda narxlarning o‘sish sur‘ati 2,5% ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 0,4% ga kamdir.

Yillik inflyatsiya 7% gacha (-3,1%) pasaydi — bu 2017-yildan buyongi yangi minimumdir.

Meva-sabzavot mahsulotlarini hisobga olmaganda, narxlar o‘sishining umumiy darajasi aprelda mart oyiga nisbatan biroz tezlashib, 0,6% ni tashkil qildi. 12 oylik o‘sish esa 7,6% ni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 4,7% ga kamaydi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sish sur‘ati biroz sekinlashib, fevraldagi 1,2% o‘rniga 1% ni tashkil etdi, biroq o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 0,2% ga yuqoridir. Bir yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari 5,9% ga — o‘tgan yilgiga qaraganda deyarli 1,5 baravar ko‘proqqa qimmatlashdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari yana 0,3% ga oshdi, 12 oy davomida esa 5,2% (6,7%) qo‘shildi. Pulli xizmatlar bir oyda 0,4% ga qimmatlashgan bo‘lsa, yillik o‘sish 12% gacha sekinlashdi — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (26,1%) ikki baravardan ham ko‘proqqa pastdir.

Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Toshkent shahrida (0,8%) va Qashqadaryo viloyatida (0,7%) qayd etildi. Oltita hududda bu ko‘rsatkich 0,6% ni, yana oltitasida esa 0,5% ni tashkil qildi.

Yillik inflyatsiya bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi birinchi (7,4%), Xorazm viloyati esa ikkinchi (7,3%) o‘rinni egalladi. Narxlarning eng past o‘sishi yana Jizzax viloyatida (6,3%) kuzatildi, Toshkent shahrida esa inflyatsiya 6,9% ni tashkil etdi.

Avvalroq prezident inflyatsiya importi ichki narx-navoga 1% gacha qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirayotgani haqida aytgandi.