Avvalroq prezident raisligida birinchi chorak yakunlari va qolgan davrda qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Prezident iqtisodiyot o‘sgani bilan, inflyatsiya ham oshib boraversa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy o‘zgarish sezilmasligini aytdi.

“Chunki tovar, ish va xizmatlar narxining oshishi ko‘paygan daromadni qadrsizlantiradi”, — dedi davlat rahbari.

Yil boshidan dunyoda neft narxi 40% ga oshdi. Ro‘y berayotgan ziddiyatlar oqibatida qulay logistika koridorlarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu mahalliy mahsulotlarning eksportida ham, asosiy iste‘mol tovarlarining importida ham tashish xarajatlarini 25−30% ga oshirmoqda.

Inflyatsiya importi ichki narx-navoga 1% gacha qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, tashqi bosimni bahona qilib, inflyatsiya bo‘yicha ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Barcha rahbarlar katta harflar bilan yozib olsin: inflyatsiyaga ta‘sir qiladigan iste‘mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70%i o‘zimizniki”, — dedi davlat rahbari.

Mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda inflyatsiyani 6,5% darajasida saqlab qolish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirib, narxini arzonlashtirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Spot, avvalroq, naslli qoramol va go‘sht importi qo‘llab-quvvatlanishi, hududlarda ekin ekish hajmi oshirilishi haqida yozgandi.