Avvalroq prezident raisligida birinchi chorak yakunlari va qolgan davrda qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda logistikadagi uzilishlar oqibatida birinchi chorakda qoramol importi 2 karra kamaygani taʼkidlandi.

Bunga tezkor yechim topilib, samolyotda tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 mln so‘mgacha, go‘sht importida transport xarajatining yarmini qoplash yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun muqobil transport koridorlarini ham ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu orqali ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming tonna go‘sht importini ta‘minlash zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga qayerda to‘siq bo‘lsa, qayerda yuk to‘xtab qolsa, tadbirkorlar masala ko‘tarishini kutmasdan, onlayn monitoring orqali operativ yechim qilib berish topshirildi.

Hududlarda 478 ming gektarda ozuqa ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Lekin Namanganda ozuqa yerining 74% iga haligacha ekin ekilmagani, chorvada imkoniyat katta bo‘lgan Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish boshlanmagani, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dodda ham ishlar qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Viloyat hokimlariga qoloqliklarni bartaraf etish topshirildi.

Yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish belgilangan. Har bir kun g‘animatligi, bu yerlarni tez-tez auksionga chiqarib, ekin ekish zarurligi qayd etildi.

Sanoat plantatsiyasi tashkil qiladigan tadbirkorlarga katta imtiyoz va moliyaviy resurslar berilmoqda. Viloyat hokimlariga bu yil kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasini namunali qilib tashkil etish topshirildi.

Kartoshkaga bo‘lgan talabni qoplash uchun bu yilga reja qilingan 180 ming gektardan 118 ming gektariga urug‘lik ekildi.

Lekin Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 41%, Surxondaryoda 44% maydonda kartoshka ekilgan. Mart oyining o‘zida kartoshka Surxondaryoda 12,4% ga, Qashqadaryoda 9% ga qimmatlashgani ko‘rsatib o‘tildi.

Kartoshkachilikka ixtisoslashgan Xo‘jaobod, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Toshloq, Farg‘ona tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz deb baholandi.

Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyat hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari va tuman hokimlarining mas‘uliyati hamda javobgarligini oshirish topshirildi.

“Takror aytaman: mablag‘ bor, resurs bor. Go‘sht va kartoshkadan hech qanday masala bo‘lmasligi kerak”, — dedi prezident.

Spot, avvalroq, banklarda kredit risklarini baholovchi Sun‘iy intellekt maslahatchisi platformasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.