Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulot 8,7% ga, sanoat 8% ga, xizmatlar 16,1% ga, qishloq xo‘jaligi 5,1% ga o‘sdi. Eksport $5,8 mlrdni, xorijiy investitsiya hajmi esa $13,7 mlrdni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1% gacha pasaydi.

Bularning hisobiga yanvar-mart oylarida budjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35% ga ko‘payib, 103 trln so‘mga yetdi. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trln so‘m mablag‘ shakllandi.

Shundan 1,4 trln so‘m tuman va shaharlar ixtiyorida qoldi.

“Kelasi oy $2,4 mlrdlik davlat aktivlarining 30% ini ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqaramiz. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli Franklin Templeton kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti”, — dedi davlat rahbari.

Prezident iqtisodiyotni xalqaro miqyosda yangi darajaga olib chiqish uchun chuqur o‘ylab, yakuniy qarorga kelinganini taʼkidladi.

Aprel oyida UzMIF IPO oldidan BlackRock, Franklin Resources va boshqa investorlardan $300 mln jalb qilgandi. Jamg‘arma IPO bo‘yicha yakuniy narx va joylashtirish hajmini may oyining o‘rtalarida e‘lon qilishni rejalashtirmoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi $2,4 mlrdlik aktiv bilan IPO o‘tkazishni ma’lum qilgani haqida yozgandi.