Avvalroq Spot O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzMIF) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan aksiyalar va global depozitar tilxatlar (GDR) shaklida birlamchi ommaviy taklif (IPO) o‘tkazilishi mumkinligini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

16-aprel kuni jamg‘arma oddiy aksiyalarni Toshkent fond birjasida joylashtirish, shuningdek, GDRlarni Buyuk Britaniyaning Moliyaviy nazorat va tartibga solish boshqarmasi (FCA) rasmiy ro‘yxatiga kiritib, ularni London fond birjasining asosiy bozorida savdoga chiqarish niyatini tasdiqladi. Bu haqda Spot’ga taqdim etilgan Franklin Templeton investitsiya kompaniyasi e’lonida aytilgan.

Barcha qimmatli qog‘ozlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan UzMIFning sotuvchi aksiyadori huquqlari asosida sotiladi. IPO ikki transhdan iborat bo‘ladi:

  • oddiy aksiyalarni Toshkent fond birjasida O‘zbekiston va boshqa ba’zi yurisdiksiyalardagi institutsional investorlarga, shuningdek O‘zbekiston va boshqa ba’zi yurisdiksiyalar fuqarolari bo‘lgan chakana investorlarga taklif etish;
  • GDRni London fond birjasida (LSE) O‘zbekistondan tashqaridagi institutsional investorlarga taklif etish.

Joylashtirish doirasidagi yakuniy narx, shuningdek, sotilishi kerak bo‘lgan GDR va taklif etilayotgan aksiyalar soni arizalar kitobini tuzish natijalariga ko‘ra aniqlanadi. Ular may oyi o‘rtalarida e’lon qilinishi rejalashtirilgan, “tez orada London va Toshkent fond birjalarida savdolarga qo‘yiladi”.

Xalqaro joylashtirish Jefferies International Limited tomonidan yagona global koordinator sifatida amalga oshiriladi. Shuningdek, Abu Dhabi Commercial Bank PJSC, Auerbach Grayson and Company LLC va Raiffeisen Bank International AG ODDO BHF SCA hamda WOOD & Company Financial Services, a.s. bilan hamkorlikda ishtirok etadi.

Toshkentda joylashtirish Alkes Research LLC, Avesta Investment Group LLC va Bluestone Financial Group Inc LLC JV tomonidan amalga oshiriladi.

STJ Advisors Group Limited, ScholzvonGleich LLP va Finasia Capital Ltd. kompaniyalari moliyaviy maslahatchilar sifatida jalb etilgan. Cleary Gottlieb Steen & Hamilton LLP va Kosta Legal kompaniya hamda sotuvchi aksiyadorning yuridik maslahatchilari bo‘lsa, White & Case LLP va Dentons Tashkent global koordinator va qo‘shma bukrannerlar yuridik maslahatchilari hisoblanadi.

IPO doirasidagi asosiy investorlar BlackRock, Franklin Resources, Redwheel tomonidan boshqariladigan fondlar va hisoblar, shuningdek, Allan & Gill Gray Foundationga 100% tegishli bo‘lgan ikkita g‘aznachilik kompaniyasi bo‘ladi. Ular “muayyan standart shartlarga rioya qilgan holda” taxminan $300 mlnlik GDRga obuna bo‘lish bo‘yicha kelishib oldilar.

Toshkentdagi IPO doirasida tarqatiladigan taklif etilayotgan aksiyalarning va Londondagi joylashtirish doirasida tarqatiladigan GDRlarning yakuniy soni sotuvchi aksiyadorning mutlaq ixtiyoriga ko‘ra, ariza topshirish davri tugagandan so‘ng belgilanadi.

Xalqaro joylashtirish doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi GDR umumiy miqdorining 15% igacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha joylashtirish opsionini (over-allotment option) taqdim etishi mumkin. Qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan, chakana investorlar uchun narx shartlari keyingi e’lonlar va prospektda taqdim etiladi.

UzMIFning rejalashtirilgan IPO tafsilotlarini saytda bilib olish mumkin.

Avvalroq Spot Rothschild & Co O‘zbekistondagi yirik korxonalarga IPO o‘tkazishga yordam berishi haqida yozgandi.