Niderlandiyada dunyodagi birinchi hayvonlarsiz “ferma” ochildi. Bu haqda NL Times nashri xabar berdi.

Loyiha hayvon hujayralaridan go‘sht ishlab chiqarishni taklif qilgan olim Villem van Elenning g‘oyasiga asoslangan.

Fermaga hajmi 20 litrdan 200 litrgacha bo‘lgan bioreaktorlar o‘rnatilgan bo‘lib, ularda maxsus sharoitlarda bir parcha to‘qimadan go‘sht o‘stiriladi.

Janubiy Gollandiya provinsiyasi loyihaga 500 ming yevro sarmoya kiritmoqda, shuningdek, Yevropadan qo‘shimcha moliyaviy manbalarni jalb qilmoqda.

Fermerlarning asosiy maqsadi — sun’iy go‘sht ishlab chiqarish tizimi qanday ishlashini, natijada qancha mahsulot olinishini va bu sarflangan mablag‘larni oqlaydimi yoki yo‘qligini aniqlashdan iborat.

Fermer xo‘jaligida fermerlar, talabalar va tashrif buyuruvchilar sun’iy go‘sht ishlab chiqarishni kuzatishi mumkin bo‘lgan interaktiv markaz ochish rejalashtirilgan.

Ferma, shuningdek, tadqiqotchilar, oziq-ovqat kompaniyalari, talabalar va siyosatchilar uchun uchrashuv maydoniga aylanadi.

Tashkilotchilar tadbirkorlar, ilmiy doiralar va hukumat vakillari yangi g‘oyalarni ishlab chiqish uchun birlashadigan muhit yarata olishlariga umid qilmoqda.

Loyiha tashabbuskorlari, garchi innovatsion texnologiyani sanoat miqyosida qo‘llashga hali ruxsat berilmagan bo‘lsa-da, fermani 2028-yilgacha to‘liq ishga tushirishni rejalashtirgan.


Avvalroq Niderlandiya kompaniyasi 6 ming nafar o‘zbekistonlikni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.