Markaziy bank tijorat banklarining mijozlar murojaatlari bilan ishlash tartibini kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha regulyator qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjat bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda banklarning faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Unga ko‘ra, “tizimli kamchilik” tushunchasi kiritilmoqda. U biror mahsulot, biznes jarayoni, bank bo‘linmalari, axborot yoki ichki nazorat tizimlari, yakka holatda cheklanmaydigan va boshqa o‘xshash shartnomalar, operatsiyalar yoki tarkibiy bo‘linmalar faoliyatidagi iste’molchilarning huquqlari buzilishiga olib keluvchi holatdir.
Banklar murojaatlar bilan ishlashda qoidabuzarliklar, salbiy holatlar, iste’molchilarning huquq va manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etishi lozim.
Murojaatlar har chorak va yil yakunida umumlashtirilib, tahlil qilinadi. Natijalari asosida tayyorlangan ma’lumotnoma yoki sharhlarda esa murojaatlar soni, turi, sabablari, eng ko‘p uchraydigan muammolar, hududlar, xizmatlarning mijozlar ehtiyojiga mosligi, aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar aks ettirilishi kerak.
Bundan tashqari, bank boshqaruviga ham murojaatlar bilan ishlash holatini, tizimli kamchiliklar va xavflarni o‘rganish vazifasi yuklatilmoqda. Shuningdek, ular mijozlar huquqlari buzilishiga sabab bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasini tasdiqlashi shart.
Tahlil natijalari ichki audit xizmatiga taqdim etiladi. Ular murojaatlar bilan ishlash sifatini tekshirish va monitoring o‘tkazish rejalarini tuzishda foydalaniladi.
Quyidagi holatlardan birining mavjudligi tizimli kamchiliklar bartaraf etilmaganini bildiradi:
- muammolarni hal qilish bo‘yicha rejalar tasdiqlanmagan bo‘lsa;
- unda belgilangan topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmasa;
- ko‘rilgan choralarga qaramay, kamchiliklar saqlanib qolsa;
- ichki audit monitoring qilmasa yoki xulosalarni vaqtida taqdim etmasa;
- ichki audit aholi va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligini baholamasa;
- bank boshqaruvi ichki audit xulosalarini bir oy ichida ko‘rib chiqmagan bo‘lsa.
Shuningdek, banklar murojaatlar tahlili bo‘yicha choraklik va yillik ma’lumotnomalarni belgilangan sanalarda o‘z saytida e’lon qilishi kerak.
Loyiha bo‘yicha muhokamalar 18-iyungacha davom etadi, fikr-mulohazalarni havola orqali jo‘natish mumkin.
Avvalroq Spot so‘mdagi omonatlar daromadliligi 2022-yildan beri eng past darajaga tushgani haqida yozgan edi.