Prezidentning suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga 2029-yil 1-oktabrgacha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.
Jumladan, yuridik shaxslar uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari belgilangan stavkalarning 50% i miqdorida qo‘llanadi.
Shuningdek, suvda foydalanishga mo‘ljallangan GPS qurilmalari, qutqaruv va xavfsizlik anjomlari hamda zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlarini 120 kun muddatga kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Qarorda suv omborlari va ularga tutash hududlarda faoliyat yurituvchi turizm obyektlari uchun xavfsizlik va ekologik talablar ham belgilangan.
Xususan, tadbirkorlar tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlash, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida turizm obyektlarini xavfsizlik vositalari bilan jihozlashi shart.
Favqulodda vaziyatlarda zudlik bilan qutqaruv ishlarini amalga oshirish uchun qutqaruv xizmati tashkil etilishi yoki professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma asosida navbatchilik xizmati yo‘lga qo‘yilishi lozim.
Bundan tashqari, kichik hajmli kemalar va ular turadigan inshootlar — bazalardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilishi kerak.
Suvni muhofaza qilish zonalari va sohilbo‘yi mintaqalariga oid talablarni bajarish, oqova suvlarning suv obyektlariga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida turizm obyektlari ichki kanalizatsiya tarmoqlari va lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan ta’minlanishi shart.
Shuningdek, turizm obyektlarida hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilar belgilangan tartibda utilizatsiya qilinishi kerak.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi 10 ta g‘or va tuz konida turistik infratuzilma yaratilishi haqida yozgandi.