Hukumatning 30-sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda speleoturizmni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Unga ko‘ra, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi 10 ta obyekt — 9 ta g‘or va bitta tuz konida turistik marshrutlar, xavfsizlik tizimi hamda zarur infratuzilma yaratiladi.

Ro‘yxatga quyidagi obyektlar kiritilgan:

  • Zomin tumanidagi Peshag‘or g‘ori;
  • Urgut tumanidagi Yaxdon, Omonqo‘ton va Kiyev g‘orlari;
  • Nurobod tumanidagi Hazrati Dovud g‘ori;
  • Boysun tumanidagi Qorong‘i yulduz, Boybuloq va Teshiktosh g‘orlari;
  • Yakkabog‘ tumanidagi Amir Temur g‘ori;
  • Sherobod tumanidagi Xo‘jaikon tuz koni.

Mavjud g‘orlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning joylashuvi, texnik holati va turistik imkoniyatlari haqidagi ma‘lumotlar yagona elektron reyestrga kiritiladi.

2026−2028-yillarda mazkur obyektlarda avtoturargohlar, dam olish maskanlari, sanitar-gigiyenik shoxobchalar va muhandislik tarmoqlari barpo etiladi.

Qurilish va obodonlashtirish ishlari ekologik talablar hamda tabiiy va madaniy merosni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq olib boriladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi uch oy muddatda g‘orlarga sayohatlar xavfsizligi qoidalarini ishlab chiqadi. Yo‘nalishlarda ogohlantiruvchi belgilar va evakuatsiya chizmalari o‘rnatiladi.

Shuningdek, har bir obyekt uchun elektron pasport, 3D model va virtual ko‘rinish tayyorlanadi. Turistik marshrutlar, onlayn band qilish va elektron gid xizmatlari Milliy turizm yagona platformasiga joylashtiriladi.

Gidlar va yo‘riqchilar uchun o‘quv kurslari hamda sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Hududlarda oilaviy mehmon uylarini tashkil etish, gidlik va servis xizmatlarini rivojlantirish orqali mahalliy aholining turizm faoliyatidagi ishtiroki kengaytiriladi.

2027-yildan har yili xalqaro speleologik ekspeditsiyalar hamda mahalliy va xorijiy investorlar ishtirokida investitsiya forumlari o‘tkaziladi. 2027-yil may−iyun oylarida esa xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.

Spot avvalroq Lotte Group O‘zbekistonda turizm markazlarini boshqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.