Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Lotte Group raisi Shin Don Binni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston yetakchisi kompaniya Koreyaning mamlakatdagi eng yirik investorlaridan biri ekanini, ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik olib borilayotganini taʼkidladi.
Ustyurt gaz-kimyo majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani alohida qayd etildi.
O‘zbekistonda Koreyaning ilg‘or texnologiyalari asosida developerlik loyihalarini amalga oshirish masalalari hamda mis folgasi ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Prezident kompaniyaning O‘zbekistondagi turizm markazlarini boshqarish va mehmonxona biznesida xizmatlar sifatini oshirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Yakunda ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish jarayonini monitoring qilib borish maqsadida ishchi guruh tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Spot, avvalroq, Jizzaxda Kia Sonet Prime, Farg‘onada elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.
