Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Son Suk qo‘shma biznes forumning ochilishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, yetakchi moliya institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Xususan, Koreya tomonidan Lotte Chemical, Hyundai Motor Group, Samsung C&T, CJ Group, Shinhan Financial Group, Hyundai Rotem, KIND, BOMI, Kia Corporation, Sampyo Group, Hansae Mobility kabi yirik kompaniyalar qatnashdi.

Biznes forum yakunlari bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev va Xan Son Suk ishtirokida salmoqli investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy bitimlar to‘plamini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Forum doirasida O‘zbekiston yetakchisi ishtirokida Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniya va moliya institutlari bilan qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi o‘tkazildi.

Jumladan, Toshkent shahrida Kimyo texnologiyalari markazi faoliyat boshladi.

Shuningdek, Jizzax viloyatida Kia Sonet Prime avtomobili va avtomobil kuzovi panellari, Farg‘ona viloyatida elektrotexnika mahsulotlari, Namangan viloyatida polimer buyumlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida Milliy onkologiya markazi, tibbiyot oliy ta‘lim muassasasi, robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar qurilishi boshlandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Janubiy Koreya qariyb $12 mlrdlik yangi loyihalarni tayyorlagani haqida yozgandi.