Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon migratsiya to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat xorijga chiqish sohasida nazoratni kuchaytirishni nazarda tutadi, deya xabar bermoqda Asia+ nashri.
21-oktabr kuni imzolangan hujjat 1999-yildagi qonunning avvalgi tahririni almashtiradi. Yangi tahrirga ko‘ra, Tojikiston fuqarolariga faqat 18 yoshga to‘lganidan keyin mehnat migratsiyasiga borishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, ular faqat migrantlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinadigan mamlakatlarga borishlari mumkin.
Bunda himoya xalqaro kelishuvlar, shuningdek, Tojikiston va qabul qiluvchi davlatlar o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar asosida ta’minlanishi mumkin.
Cheklovlar Tojikistonga ishlash uchun kelayotgan xorijiy fuqarolarga ham tatbiq etiladi. Ular uchun ham mehnat migratsiyasiga borishning eng kam yoshi 18 etib belgilangan.
Shuningdek, hujjatda migrantlarni ishga joylashtirishning ikki usuli nazarda tutilgan. Ular ishni mustaqil ravishda izlashlari yoki tashkillashtirilgan ishga qabul qilish dasturlarida qatnashish uchun ixtisoslashgan agentliklar va boshqa tashkilotlarga murojaat qilishlari mumkin.
Ishni mustaqil izlash holatida vakolatli davlat organi fuqarolarga bo‘sh ish o‘rinlari, ish haqi, mehnat sharoitlari va ish beruvchilarning talablari, shuningdek, boriladigan mamlakatning qoidalari hamda qonunlari haqida bepul ma’lumot taqdim etishi shart.
Bundan tashqari, qonunda xorijda vafot etgan migrantlarning jasadlarini Tojikistonga qaytarishga davlat ko‘maklashishi belgilangan.
Ushbu vazifani bajarish Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, respublikaning xorijdagi elchixonalari va konsulliklari zimmasiga yuklatiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Tojikiston chegaradan ID-karta orqali o‘tish tartibini joriy etishni tezlashtirishi haqida yozgandi.