Avvalroq Spot Tailand hukumati o‘zbekistonliklar uchun 15 kungacha vizasiz rejimni qaytarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi may oyidan beri Tailandga sayohat qilish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha faol diplomatik saʼy-harakatlarni olib bormoqda. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.

Xususan, TIV vakillari Tailanddagi hamkasblari bilan bir qator to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasida vizasiz sayohatlar to‘g‘risidagi bitimni imzolashga kelishib oldilar.

Hozirda hujjat matni Tailand tomoni tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, dedi Fayziyev. Shuningdek, u o‘zbekistonliklarga Tailand elektron vizalarini berish bilan bog‘liq muammolar fonida “izchil diplomatik ish” haqida gapirdi.

Bu borada O‘zbekistonning Tailanddagi Bosh konsulxonasi Tailand Tashqi ishlar vazirligi hamda Turizm va sport vazirligi bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi esa Tailandning Moskvadagi diplomatik vakolatxonasi bilan hamkorlik qilmoqda.

Nima bo‘ldi?

Avgust oyi oxirida Tailand hukumati O‘zbekiston va yana 92 ta davlat fuqarolari uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilishga qaror qildi. Shu bilan birga, hukumat vizasiz kirish mumkin bo‘lgan 60 ta davlatning yangi ro‘yxatini tasdiqladi. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmadi.

2-sentabr kuni Uzbekistan Airways 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Tailand vizasini oldindan rasmiylashtirishi kerakligi haqida ogohlantirdi. Vizaga Thai E-Visa portali orqali ariza topshirish mumkin, biroq to‘lov faqat Moskvadagi Tailand elchixonasi orqali naqd pulda qabul qilinadi.

Ariza topshirish uchun xorijga chiqish pasporti, aviachiptalar va mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. Shuningdek, har bir kishining bank hisobida kamida 20 ming bat ($600 dan ortiq) yoki bir oila uchun 40 ming bat ($1200 dan ortiq) mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi taqdim etilishi kerak.

Aviasales Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, vizasiz rejim bekor qilinganidan so‘ng o‘zbekistonliklarning Tailandga sayohat qilishga qiziqishi keskin pasaygan. Sentabr oyida aviachiptalarni qidirish chastotasi 81% ga, bronlar soni esa 84% ga kamaygan.


Avvalroq Spot Tailandda mamlakatdan chiqish uchun soliq joriy etish taklif qilingani haqida yozgandi.