Tailand Moliya vazirligi mamlakatdan havo transporti orqali chiqish uchun chet el fuqarolariga ham tatbiq etiladigan soliq joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda qonun loyihasiga tayanib, The Nation gazetasi xabar berdi.
Yangi tartib barcha davlat fuqarolariga, jumladan, xorijiy sayyohlarga ham tatbiq etilishi mumkin.
Taklifga ko‘ra, Tailanddan samolyot orqali chiqayotgan yo‘lovchilardan har bir safar uchun 1000 bat ($30) soliq undiriladi. Soliq ayrim istisnolardan tashqari barcha davlat fuqarolariga tatbiq etiladi, quruqlik va dengiz transportidan foydalanuvchilar esa dastlab undan ozod qilinadi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasida soliq miqdorini har bir chiqish uchun 5000 batgacha ($149) belgilash imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, tashabbus davlat resurslaridan samaraliroq foydalanish, budjet intizomini ta’minlash va kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga moliyaviy tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Yig‘imdan ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar, mamlakatga kirish hududidan chiqmaydigan xalqaro tranzit yo‘lovchilari, ayrim rasmiy davlat mehmonlari va xorijiy davlat rahbarlari, hukumat topshirig‘ini bajarayotgan samolyotlar yo‘lovchilari, shuningdek, xizmat vazifasini haq to‘lanmasdan bajarayotgan ayrim transport xodimlari ozod qilinishi taklif etilgan.
Jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 30-sentabrdan 29-oktabrgacha davom etadi. Qonun loyihasi hali tasdiqlanmagan.
Agar hujjat qabul qilinsa, u Tailandning rasmiy hukumat gazetasida e’lon qilinganidan 180 kun o‘tib kuchga kirishi nazarda tutilgan.
Yangi tartib kuchga kirishidan oldin sotib olingan chiptalar bo‘yicha, hatto parvoz keyinroq amalga oshirilsa ham, mazkur soliq undirilmasligi taklif etilmoqda.
15-sentabrdan Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Endilikda mamlakatga borish uchun Thai E-Visa tizimi orqali oldindan viza olish kerak.
Buning uchun xorijga chiqish pasporti, aviachiptalar, mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjat va har bir kishi uchun kamida 20 ming bat ($600 dan ortiq) yoki oila uchun 40 ming bat ($1200 dan ortiq) mablag‘ borligini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi talab etiladi.
Konsullik yig‘imini to‘lash ham qo‘shimcha muammo bo‘lgan. Ariza topshirish narxi taxminan $30, biroq viza to‘lovini faqat Tailandning diplomatik vakolatxonasi orqali jismoniy amalga oshirish mumkin. O‘zbekistonga eng yaqin vakolatxona Moskvada joylashgan.
Avvalroq Spot 1-noyabrdan o‘zbekistonliklarning Misrga kirish talablari kuchaytirilishi haqida yozgandi.
Fuqarolar Misrga borishdan oldin viza olishlari, yoshga oid cheklovlar va moliyaviy talablarga amal qilishlari kerak.