Joriy yilning 1-noyabridan boshlab o‘zbekistonliklarning Misrga kirishi bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Misrga safar qilishdan oldin kirish vizasini mamlakatning diplomatik vakolatxonalari orqali rasmiylashtirishi shart.

Turistik safarlar esa vakolatli tur operatorlari orqali tashkil etilishi kerak.

Yoshga oid va moliyaviy talablar belgilandi. Xususan, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari — ota-ona, er-xotin yoki farzandlari hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida $5 ming miqdorida naqd pul bo‘lishi talab etiladi.

40 yoshdan yuqori bo‘lgan mustaqil sayohat qiluvchilar esa kamida $3 ming miqdorida naqd mablag‘ga ega bo‘lishi lozim.

Misrga kirish chog‘ida quyidagi hujjat va ma’lumotlar taqdim etilishi shart:

  • mehmonxona bron qilinganligini tasdiqlovchi hujjat;
  • mobil aloqa ma’lumotlari;
  • yetarli moliyaviy ta’minot tasdig‘i.

Shuningdek, Misrda bo‘lish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmaydi.

Zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan yo‘lovchilarning mamlakatga kirishiga ruxsat berilmasligi mumkin. Bunday holatda ular Misrga olib kelgan aviakompaniya orqali ortga qaytarilishi mumkin.

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi fuqarolardan Misrga safarlarni rejalashtirishda yangi talablarni inobatga olishni so‘radi.

Avvalroq Spot Latviya O‘zbekiston fuqarolari uchun viza berish tartibini o‘zgartirishni rejalashtirmayotgani haqida yozgan edi.